DSQ soliq qallobliklarini aniqlashga yordam berganlarni ragʻbatlantirmoqchi
Soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash va xufiyona iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish faktlarini aniqlashda yordam bergan shaxslarni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom muhokamaga qoʻyildi.
Unda, jumladan, quyidagilar toʻgʻrisida maʼlumot bergan jismoniy va yuridik shaxslar ragʻbatlantirilishi koʻzda tutilgan:
yashirin ishlab chiqarish sexlari;
kontrabanda yoʻllari bilan olib kelingan tovarlar, shuningdek, kontrafakt va tegishli hujjatlari boʻlmagan tovarlarni ishlab chiqarish, tashish, saqlash yoki sotish faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxslar (obyektlar);
soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash holatlari, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshirilayotgan soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash “sxema”lari;
etil spirti, alkogolli va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tashish, saqlash yoki muomalaga kiritish.
Yuqoridagi asoslar mavjud boʻlgan va huquqbuzarlik holati soliq nazorati tadbirida toʻliq isbotini topgan taqdirda, soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlashda yordam bergan jismoniy va yuridik shaxslarni ragʻbatlantirish masalasi koʻrib chiqiladi.
Davlat soliq qoʻmitasining my2.soliq.uz caytida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar reyestri shakllantiriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yuboriladigan maʼlumotlarda quyidagilar koʻrsatiladi:
jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, soliq toʻlovchining identifikatsion raqami (STIR), yashash manzili, telefon raqami, ragʻbatlantirish boʻyicha mablagʻni tushirish uchun bank plastik kartochkasi raqami va tijorat banki nomi, huquqbuzarlik tavsifi, sodir etish aniq manzili;
yuridik shaxs nomi, soliq toʻlovchining identifikatsion raqami (STIR), yuridik manzili, telefon raqami, ragʻbatlantirish boʻyicha mablagʻni tushirish uchun bank hisob raqami va tijorat banki nomi, huquqbuzarlik tavsifi, sodir etish aniq manzili koʻrsatiladi.
Maʼlumotlarga zarur hollarda qonun hujjatlari talablariga muvofiq foto va video tasvirlar ilova qilinishi mumkin.
Soliqqa oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida saytga kiritilgan maʼlumotlarga maxsus kod beriladi (uyali telefoniga SMS xabar yuboriladi) hamda davlat soliq xizmati organlari tomonidan murojaatchining shaxsi sir saqlanishi taʼminlanadi.
Soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlashda yordam bergan jismoniy va yuridik shaxslar har bir tasdiqlangan xabar uchun, nazorat tadbirlari natijasi boʻyicha byudjetga tushgan bir oylik soliq va majburiy toʻlovlar, shuningdek, undirilgan moliyaviy jarimalar yoki huquqbuzarlardan olib qoʻyilgan tovar-moddiy boyliklarini sotishdan byudjetga tushumlarning 5 foizi, biroq toʻlov muddatida amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda pul mablagʻlari bilan ragʻbatlantiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring