Dorivor oʻsimliklar xomashyo bazasidan samarali foydalanilyaptimi?

01:13 14 Oktyabr 2022 Jamiyat
1329 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda dorivor oʻsimliklarni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, dorivor oʻsimliklar yetishtiriladigan plantatsiyalar tashkil etish, ularni qayta ishlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Sohada yaratilgan tashkiliy-xuquqiy asoslar bu borada jarayonlarni tezlashtirish, sohani rivojlantirish imkonini bermoqda.

Amaldagi qonunchilikka asosan, oʻsimlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma belgilangan tartibda, tasdiqlangan kvotalar doirasida beriladi. Yovvoyi oʻsimliklarni yigʻish va tayyorlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olingan holda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan kvotalar oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish normalari va normativlari hisoblanadi.

Prezidentimizning 2022-yil 20-maydagi “Dorivor oʻsimliklar xom ashyo bazasidan samarali foydalanish, qayta ishlashni qoʻllab-quvvatlash orqali qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni dorivor oʻsimliklar xom ashyo bazasidan samarali foydalanish, sohadagi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash orqali chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish imkonini yaratmoqda.

Eʼtiborlisi, mazkur hujjatda Oliy Majlis palatalariga dorivor oʻsimliklarni tabiiy muhitdan terib olishga kvota ajratish va uning shartlariga qatʼiy rioya qilinishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini oʻrnatish tavsiya etilgan.

Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi tomonidan dorivor oʻsimliklarni tabiiy muhitdan terib olishga kvota ajratish va uning shartlariga qatʼiy rioya qilinishi yuzasidan olib borilayotgan ishlar holati Fargʻona viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida oʻrganildi.

Kuni kecha Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi tomonidan mazkur oʻrganish natijalariga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.

Taʼkidlanganidek, Fargʻona viloyati boʻyicha 2020-yilda belgilangan kvotalar miqdori 153,8 tonna, 2021-yilda 162,5 tonna hamda 2022-yilda 26,0 tonnani tashkil etgan. Unga asosan dorivor, ozuqabop va yovvoyi turdagi oʻsimliklarning texnik xom ashyosini tayyorlash uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilgan.

Yigʻilishda keltirilganidek, Fargʻona viloyati oʻrmon fondi yerlarida Fanlar Akademiyasi tomonidan oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish, yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarning texnik va dorivor xomashyosini yigʻish, tayyorlash boʻyicha soʻnggi uch yil davomida kvota ajratilmagan. 2022-yilda Fargʻona viloyati oʻrmon fondi yerlarida jami 73 gektar maydonda dorivor va oziq-ovqatbop oʻsimliklar plantatsiyalari barpo etildi. Bugungi kunga qadar ushbu plansiyalardan 13,3 tonna dorivor oʻsimliklar xom-ashyosi tayyorlandi.

Qonun ijrosini amalga oshirish boʻyicha sohada muayyan ishlar amalga oshirilishi bilan birga ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi, sohada baʼzi muammolar mavjudligi maʼlum boʻldi.

Jumladan, joriy yil yakuniga qadar Fargʻona viloyatida 199 gektar dorivor oʻsimliklar ekish rejasi belgilab olingan boʻlib, bugungi kun holatiga rejaga kiritilmagan tumanlarni qoʻshib hisoblaganda 183 gektarda 10 turdagi dorivor oʻsimliklar ekilgan. Biroq, rejaga asosan Quvasoy shahar 12 gektar, Fargʻona tumani 57 gektar maydonda dorivor oʻsimliklar ekilmasdan qolmoqda.

Fargʻona viloyatida 2022-2023-yillarda dorivor oʻsimliklar klasterini tashkil etish boʻyicha 2 ta loyiha takliflari ishlab chiqilgan boʻlsada, ushbu loyihalarni ishga tushirish, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini barpo etishning maqsadli koʻrsatkichlariga muvofiq plantatsiyalar barpo etish uchun mos boʻlgan yer uchastkalarini ochiq elektron tanlovga qoʻyishda kechikishlarga yoʻl qoʻyilgan.

Yigʻilishda aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan deputatlar tomonidan tavsiya va koʻrsatmalar berildi.

Tadbir yakuni boʻyicha koʻrilgan masala yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер