“Doʻppi tikdim ipaklari tillodan...”
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Margʻilon qadimdan hunarmandlar shahri va ota-bobolardan meros milliy qadriyatlar bugungi kunda ham oʻzgacha mehr hamda ishtiyoq bilan davom ettirilmoqda.
Taʼbir joiz boʻlsa, Margʻilonda bolalarning tanglayi biror-bir hunar bilan koʻtariladi. Shu bois shahardagi har bir mahalla u yoki bu hunar turiga ixtisoslashgan. Ammo ipakchilar shahrida har bir oila bekasi doʻppi, toʻn, qiyiq tikishni bolalikdan oʻrganadi va ushbu anʼana avloddan-avlodga oʻtishi taʼminlanadi.

“Terak tagi” MFY ahli doʻppidoʻzlik bilan tanilgan. Bugungi kunda mahallaning qoʻli va qalbi gul chevarlari tomonidan tikiladigan doʻppilar Fargʻona vodiysi, butun mamlakatimiz boʻylab yetkazib berilmoqda.
— Bu hunar buvimdan onamga meros boʻlgan boʻlsa, men doʻppidoʻzlikda uchinchi avlodman, — deydi ushbu mahallada istiqomat qiluvchi doʻppidoʻz Nasibaxon Mamajonova. — Hozirgi kunda Feruzaxon sulolaning toʻrtinchi avlodi vakili sifatida ishimizni davom ettirayotganidan behad mamnunman.

Aytish joiz, keyingi yillarda doʻppidoʻzlikda “Ustoz-shogird” anʼanasi keng rivojlanib, Nasibaxon opa mahalladagi 20 nafardan ziyod qizlarga mazkur hunarni oʻrgatdi. Doʻppidoʻzlikda 40-yillik tajribaga ega boʻlib, bir haftada 20 ta doʻppi tikadi. Bu hunar orqali bir oylik oʻrtacha daromadi 4-5 million soʻmni tashkil etadi.
— Margʻilon doʻppisining har bir gul va bezagida milliy qadriyatlarimiz, oʻzbek ayolining orzu-umidlari aks etadi, — deydi Nasibaxon opa. — Xususan, qalampirnusxa, oy koʻrinishi, turli gullar orqali tinchlik, farzand kutayotgan ona, sharqona latofat timsoli singari ramzlar ifodalanadi.

Eʼtiborlisi, davr talabi va ehtiyojini inobatga olib, doʻppidoʻzlikda ham innovatsiyalar keng qoʻllanmoqda. Misol uchun, bugungi kunda qoʻl mehnati, tikuv mashinasida tayyorlanadigan, turli mavsumga xos boʻlgan kattalar hamda bolalar uchun tikilgan doʻppilarni uchratish mumkin.
Ayni paytda margʻilonlik doʻppidoʻzlar tikayotgan oʻnlab turdagi mahsulotlar mamlakatimiz boʻylab yetkazib berilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring