Doniyor Gʻaniyev: "...bu ofatlar bizga qurilish sohasidagi kamchiliklarimizni yuzimizga oyna tutgandek yaqqol koʻrsatib berdi"

00:20 02 May 2020 Siyosat
2230 0

Darhaqiqat, Prezidentimiz aytganlaridek, 2020-yil xalqimiz, davlatimiz uchun ogʻir keldi. Koronavirus pandemiyasi ortidan bir hafta ichida avvaliga Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlarida kuchli shamol ofati, bugun esa Sirdaryoda suv omboridagi buzilish oqibatida suv toshqini.

Tabiiy ofatlardan zarar koʻrgan barcha hamyurtlarimizga bu ogʻir kunlarida dardlariga sherik boʻlib, Allohdan ularga sabr va iroda tilab qolaman, yaratganning oʻzi mushkullarini oson qilsin. Buxoroda kuchli shamol ofatida halok boʻlgan bir nafar hamyurtimiz oila aʼzolariga esa hamdardlik bildiraman.

Har ikkala holatda ham voqea joyiga davlatimiz rahbari oʻzlari oʻsha kunni oʻzida yetib borishlari bu ofatlarda zarar koʻrgan odamlar ruhiyatiga katta kuch boʻldi deb oʻylayman. Bunday sinovli kunlarda davlat hech kimni yolgʻiz tashlab qoʻymasligiga, har bir insonning hayoti, sogʻligi haqida davlat rahbari shaxsan oʻzi qaygʻurishiga hammamiz yana bir bor guvoh boʻldik.

Avvalo hammasi Allohdan, lekin bu ofatlar bizga qurilish sohasidagi kamchiliklarimizni yuzimizga oyna tutgandek yaqqol koʻrsatib berdi. Hududlarda arxitektura, kadastr, umuman qurilishga oid sohalar eng koʻp korrupsiyaga botqogʻiga botganligiga ijro hokimiyatida ishlagan paytlarim koʻp bora guvoh boʻlganman.

Koʻrinib turibdiki, korrupsiya muammosi koronavirusdan qolishmaydigan balo, millatni kelajagiga bolta uradigan illatdir. Bu illatga qarshi kurashish har birimizning burchimizdir. To biz bu baloni yengmas ekanmiz, rivojlangan davlatlar qatoriga qoʻshilish haqida gapirish orzu boʻlib qolaveradi.

Doniyor Gʻaniyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер