Dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan muhim loyiha taqdim etildi
Bugun YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi Milliy siyosati (2022 — 2030)” loyihasining taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Xalqaro tadbirga innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Shahlo Turdiqulova moderatorlik qildi.
Taqdimotni Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ochib berdi. Shuningdek, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Roli Astana, Islom Taraqqiyot banki bosh direktori Amer Bukvic va YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari v.b. Alexandros Makarigakis tabrik soʻzlari bilan chiqdilar.
Loyiha “UNESCO Global Observatory of Science, Technology and Innovation Policy Instruments towards strengthening inclusive Science, Technology, Innovation Systems for the Sustainable Development Goals” loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Mazkur loyihaning maqsadi 2030-yilgacha mamlakatda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida muayyan maqsadlarga erishish, jumladan, COVID-19 davrida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning inklyuziv va barqaror shart-sharoitlarini yaxshilash uchun ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidan foydalanish boʻyicha siyosiy asosni mustahkamlashdan iboratdir.
YUNESKO xalqaro eksperti Sirin Elchi ayni damda “Oʻzbekiston Respublikasining Ilm-fan, texnologiya va innovatsiya sohalaridagi Milliy siyosati (2022 — 2030)”ning taqdimotini oʻtkazdi.
Uning aytishicha, loyiha 2020-yil YUNESKOning GO-SPIN metodologiyasiga muvofiq ITBning moliyaviy koʻmagi asosida amalga oshirish uchun yoʻlga qoʻyildi.
“Milliy siyosat”ni tayyorlash davomida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan barcha manfaatdor taraflar ishtirokida hujjat loyihasi muhokamasi uchun seminarlar tashkil etildi, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari, ilmiy jamoatchilik vakillari, xususiy sektor, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar oʻrtasida keng muhokama qilindi. Seminar ishtirokchilaridan taklif va mulohazalar qabul qilinib, yakuniy hujjat loyihasida inobatga olindi.
“Milliy siyosat”da COVID-19 pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni, shuningdek, dolzarb ekologik muammolarni hal etish uchun ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi siyosatga yangi nazar bilan yondashish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, toʻrtinchi sanoat inqilobi sharoitida yangi texnologiyalarga asoslangan samarador ishlanmalar, jumladan, sunʼiy intellekt, buyumlar interneti va mashinaviy oʻrganish ham imkoniyat, ham muammolarni yuzaga keltiradi, aynan shu masalalar ishlab chiqilayotgan strategiya va siyosatda oʻz aksini topadi.

Ishtirokchilar “Milliy siyosat” sharhi kambagʻallikni bartaraf etish va innovatsion ekotizimni yaratish orqali barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda yangi investitsiyalarni kiritilishiga zamin yaratishini taʼkidladilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring