DXR va LXRni dunyo hamjamiyati qanday qabul qildi?
Foto: Arxiv surat
Rossiya dunyo xaritasiga ikki yangi davlatni qoʻshishga tirishayotgan bir paytda koʻplab mamlakatlar bu harakatdan noroziligini bildirmoqda. Ammo Donesk Xalq Respublikasi va Lugansk Xalq Respublikasining mustaqilligini ijobiy qabul qilayotganlar ham yoʻq emas.
Avval xabar qilganimizdek, kecha, 21-fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Donesk va Lugansk xalq respublikalarini tan olish toʻgʻrisidagi farmonga imzo chekdi.
Yevropa Ittifoqi bu voqeani xalqaro huquqning buzilishi deb atadi va Rossiyaga sanksiyalar eʼlon qilishga vaʼda berdi. Koʻp oʻtmay YEI oʻz vaʼdasini bajardi. 22-fevral kuni YEI Rossiya banklariga sanksiya kirita boshladi. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ham ushbu tan olinishni qoraladi va bu Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish harakatlariga putur yetkazishini taʼkidladi.
AQSH esa bunday ssenariyga avvaldan tayyor boʻlganini bildirdi. Okean orti mamlakati iqroriga mos ravishda LXR va DXRga qarshi cheklovlar eʼlon qilishga ham ulgurdi. Unga koʻra, 21-fevraldan keyin “shu davlatlarga tegishli hududlarda ishlayotgan yoki ishlagan” har qanday Rossiya yoki chet el fuqarolari va kompaniyalari AQSH sanksiyalariga duchor boʻlishi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, DXR yoki LXRga sarmoya kiritgan har qanday Rossiya kompaniyalarini AQSH oʻz sanksiyalari roʻyxatiga kiritadi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Rossiyaning DXR va LXRni tan olishini xalqaro huquqning buzilishi deb baholadi va Birlashgan Qirollik Rossiyaning beshta bankiga nisbatan sanksiyalar joriy qilayotganini maʼlum qildi. Shuningdek, u may oyida Sankt-Peterburgda oʻtkazilishi belgilangan Chempionlar ligasi finali Ukrainadagi mojaro tufayli Londonning «Uembli» stadioniga koʻchirilishi mumkinligini maʼlum qildi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiyaning DXR va LXR mustaqilligini tan olganini keskin qoraladi va Yevropa Ittifoqini bunga nisbatan chora koʻrishga chaqirdi. Makron bu tan olinishni Rossiyaning xalqaro majburiyatlarni buzish va Ukraina hududiy yaxlitligiga putur yetkazish deb atadi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Ukrainadagi vaziyatga izoh berarkan, xalqaro huquq normalariga sodiq qolish lozimligini taʼkidladi:
— Xitoyning Ukraina masalasi boʻyicha pozitsiyasi izchil. Boisi har qanday davlatning qonuniy xavfsizlik manfaatlari hurmat qilinishi, BMT Nizomining maqsad va tamoyillariga rioya qilinishi kerak. Ukraina masalasining rivojlanishi hali ham Minsk kelishuvini samarali amalga oshirishning kechikishi bilan chambarchas bogʻliq. Bu vaziyatdagi eng toʻgʻri yechim barcha tomonlarning bosiqlik va oʻzaro muloqotga asoslanib xulosa chiqarish, — deyiladi izohda.
Yaponiya Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli Rossiyaga qarshi qator taqiqlar tayyorlamoqda. Jumladan, Rossiyaga Yaponiyaning yuqori texnologiyali mahsulotlari, chiplar, robototexnika qurilmalarini eksport qilish toʻxtatilishi mumkin, – deya yozdi Kunchiqar mamlakatning markaziy nashrlaridan boʻlgan Yomiuri gazetasi.
Germaniya ham bu vaziyatga qarshilik kayfiyatida ekanini bildirdi va mamlakatning tashqi ishlar vazirligi Rossiyani DXR va LXRni tan olish haqidagi qarorni bekor qilishga chaqirdi.
Shuningdek, Latviyaning Seym spikeri DXR/LXR maqomining oʻzgarishi hech qachon tan olinmasligi toʻgʻrisida rezolyutsiya tashabbusi bilan chiqishga vaʼda berdi. Polsha bosh vaziri Mateush Moraveskiy esa dunyo hamjamiyatini zudlik bilan Yevropa Ittifoqi sammitini chaqirishga va Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirdi. Italiya Tashqi ishlar vazirligi bu farmon Minsk kelishuvlariga zid ekanligini va inqirozni diplomatiya yoʻli bilan hal qilishning oldini olish tarafdori ekanini aytdi.
Gruziya prezidenti Putinning qarorini qoraladi va buni 2008-yilgi ssenariyning takrorlanishi deb atadi.
Katta bahs va munozaralarga sabab boʻlgan farmonni qoʻllab-quvvatlagan Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning fikricha, bu “siyosiy boshi berk koʻchadan chiqishning yagona yoʻli” edi:
—DXR va LXR xalqlari nihoyat xalqaro maydonda oʻz huquqlarini himoya qila oladilar, oʻz zaminida tinchlik va osoyishtalik uchun kurashadilar. Bu tarixiy kun, — deydi Qodirov.
Abxaziya ham Rossiyaning Donbass boʻyicha qarorini olqishladi. Janubiy Osetiya yangi mamlakatlarni tan olishni qoʻllab-quvvatladi.
Yaman xusiylari LXR va DXR mustaqilligini ijobiy qabul qildilar. Suriya prezidenti Bashar Asad Damashq Putinning bu qarorini tan olishga tayyorligini maʼlum qildi.
Risolat MAXSIMOVA tayyorladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring