DXMning yangi binosi foydalanishga topshirildi
Fargʻona viloyatida fuqarolarga koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini sifat jihatidan yana-da oshirish maqsadida ayni kunlarda markazlar zamonaviy va qulay koʻrinishga keltirilmoqda.
Fargʻona shahri viloyatning maʼmuriy markazi hisoblanadi. Shuning uchun bu yerda har bir inshootlar viloyatga xos boʻlishi zarur. Shahardagi Davlat xizmatlari markazining yangi binosi ham pandemiya sharoitida mijozlarning sifatli xizmat olishlariga koʻmaklashish maqsadida tez fursatlarda qulay va shinam koʻrinishga keltirildi. Endilikda markazda bir vaqtning oʻzida 20 nafar, bir kunda 650 nafar fuqaroga xizmat koʻrsatish imkoniyati paydo boʻldi. Ayni kunlarda zamonaviy tarzda jihozlangan keng va yorugʻ xonalar, kutish zallari, bolalar maydonchasi, infolend, kafeteriya mijozlar uchun qoʻshimcha qulayliklar eshigini ochadi.

— Davlat xizmatlari markazining zamonaviy binoci barcha uchun qulay boʻldi, — deydi shahar DXM direktori Odiljon Karimov. — Chunki avvalgi markaz binosiga fuqarolarning qatnovi noqulay edi. Istiqlolimizning 29 yilligi shodiyonalari kunlarida tantanali ochilgan yangi binomiz esa shundoqqina «Al Fargʻoniy» istirohat bogʻi yonida joylashgan. Deyarli barcha jamoat transportlari shu yoʻl yoqasidan oʻtadi.
Markazga kiraverishda xodimlar xushkayfiyat bilan fuqarolarni davlat xizmatlari sohasidagi murojaatini oʻrganib, tegishli oynalarga yoʻnaltiradi. Elektron navbat, infokiosk, kutish zali, bolalar maydonchasi... hammasi muhayyo qilingan. Monitorlarda davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi yangiliklar, davlat xizmatlari olish tartiblari toʻgʻrisidagi roliklar muntazam namoyish etib boriladi.

Ochilish marosimida Fargʻona viloyat hokimi Sh.Gʻaniyev ishtirok etdi va qatnashchilarni mustaqilligimizning 29 yilligi bilan samimiy qutlab markazda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring