DXX katta miqdordagi xorijiy valyutaning noqonuniy olib chiqib ketilishiga chek qoʻydi
DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo” chegara bojxona postining “Malik-avto” chegara nazorat oʻtish punkti orqali Oʻzbekiston Respublikasidan Qozogʻiston Respublikasi tomon harakatlanayotgan muqaddam sudlangan Q.Abdurasulov boshqaruvidagi “Mercedes benz” rusumli avtomashina bojxona xodimlari koʻrigidan oʻtib, chegaraning neytral hududiga yetgan vaqtida, toʻxtatib tekshirildi.
Avtomobil xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning yukxonasida xufyona usulda yashirilgan 1.136.000 AQSH dollari, 77.830 yevro va 21.018.670 Rossiya rubli borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirilib olindi.
Mazkur xorijiy valyutalarning milliy valyutadagi ekvivalenti 14 mlrd. 753 mln. soʻmdan ziyodni tashkil etadi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan DXX Sirdaryo viloyati tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandiga muvofiq jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari doirasida mazkur ishga aloqador boʻlgan boshqa shaxslarni aniqlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
OʻzA
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring