DXX yoʻl qurilishi sohasidagi poraxoʻrlik holatini fosh qildi
Illyustrativ foto
Yoʻl qurilishi boʻyicha buyurtma olib berish uchun 50 ming AQSH dollari talab qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda “Xavfsizlik” Telegram kanalida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, yoʻl qurilishi hamda taʼmirlash faoliyati bilan shugʻullanuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari N.Sh. osonlikcha pul topish ilinjida oʻzganing ishonchiga kirgan.
Unga “Toshkent-Boysun” avtoyoʻlini qurish va taʼmirlash loyihasi boʻyicha tender gʻolibi boʻlgan xorijiy kompaniyaning qiymati 500 ming dollarlik qurilish ishlarini bajarish boʻyicha buyurtmasini olib berishini aytib, evaziga uning pul miqdorining 10 foizini talab qilgan.
N.Sh. kelishilgan 50 ming dollar olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlangan.
Taʼkidlanishicha, ayblanuvchi muqaddam bir necha marotaba sudlangan boʻlishiga qaramasdan, oʻz xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarmagan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring