DXX: 9 kg narkotik moddalar musodara qilindi

15:07 26 Oktyabr 2023 Jamiyat
238 0

Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Xazorasp tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, uning salonida jami 6 bo‘lakda 3 kg 982 gr “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida mazkur shaxs Tojikistondan keltirilgan ushbu ajal og‘usini Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida yashovchi 2 nafar fuqarodan olganligi ma’lum bo‘lib, Xazorasp tumanidagi mehmonxonaning ular joylashgan xonasidan sotish uchun mo‘ljallangan 1 kg 952 “opiy” moddasi ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu giyohvandlik vositasini sotib olgan vaqtlarida yana 2 nafar xazorasplik narkosavdogarlar ushlandi. 

Buxoro viloyatida qayd etilgan holatda esa Gʻijduvon tumanida yashovchi, 1973 va 1975 yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan 2 nafar fuqaro Buxoro shahrida 1 kg 224 gr “opiy” moddasini 50 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Bo‘ka tumani hududida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, tekshirildi.
Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida yashovchi, 1990 y.t. fuqaro yonida 1 kg 913 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ta’kidlash lozimki, ushbu ajal og‘usi tojikistonlik narkokur’yerlar tomonidan  kontrabanda yo‘li bilan Toshkent viloyatiga olib kelinib, xufiya joyga qoldirib ketilgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер