Diyora Keldiyorova muddatidan oldin katta leytenant boʻldi

03:56 31 Avgust 2024 Jamiyat
491 0

Foto: Mudofaa vazirligi

Kecha, 30-avgust kuni Mudofaa vazirligi markaziy apparatida “Parij-2024” Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan bir guruh harbiy xizmatchi va xodimlari hamda ularning murabbiylarini taqdirlashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov sovrindor boʻlgan Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari ham taqdirladi.

Xususan, vazirlikning Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sportchisi, Olimpiada oltin medali sohibi leytenant Diyora Keldiyorovaga muddatidan oldin navbatdagi “katta leytenant” harbiy unvoni topshirildi. Shuningdek, u “Toʻmaris” koʻkrak nishoni bilan ham taqdirlandi.

Foto: Mudofaa vazirligi

Olimpiadada taekvondo boʻyicha oltin medalni qoʻlga kiritgan sportchi, kichik serjant Ulugʻbek Rashitov boshlangʻich ofitserlik — “leytenant” harbiy unvoni, musobaqa kumush medaliga ega chiqqan kichik serjant Svetlana Osipova “leytenant” harbiy unvoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, Svetlanaga “Toʻmaris” koʻkrak nishoni ham topshirildi.

Bundan tashqari, Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrishdagi faolligi hamda xamkorligi uchun markaz oʻqituvchi murabbiyi, Qurolli kuchlar xizmatchisi Pavel Xan ikki xonali uy bilan, boks boʻyicha musobaqalarda matonat va jasorat koʻrsatgani uchun oddiy askar Sitora Turdibekova “Toʻmaris” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, Boks federatsiyasi bosh murabbiyi Toʻlqin Qilichev, boks boʻyicha ayollar bosh murabbiyi Elshod Rasulov, Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi oʻqituvchisi, Qurolli kuchlar xizmatchisi Akmal Hasanov mudofaa vazirining “Malakali ustoz” koʻkrak nishoniga munosib koʻrildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер