Dilrabo XOLBOYEVA: Oʻzbekiston uchun YEOIIga emas, JSTga aʼzolik ustuvor boʻlishi lozim
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida YEOIIdagi Oʻzbekistonning ishtirokini xalq fikri, xalq irodasiga asoslangan holda parlament belgilashi kerakligini taʼkidlagan edilar.
Shunga koʻra parlamentdagi deputatlar, fraksiyalar, jumladan, “Adolat” SDP ham bu masala boʻyicha oʻzlarining dastlabki fikrlarini berishdi. Ammo ayrim ommaviy axborot vositalari tomonidan mamlakatimizdagi karantin davrida bu masalani muhokama qilish qanchalik toʻgʻri deya eʼtirozlar bildirilmoqda. Avvalo, bu yoki boshqa masalani muhokama qilinyapti degani, koronavirus pandemiyasiga parlamentning befarq ekanligini anglatmaydi. Bundan tashqari karantin sharoitida ham parlament masofaviy, videkonferensaloqa shakllaridan foydalangan holda ishlashni davom ettirmoqda. Maʼlum muddat oʻtgandan soʻng bu virus mamlakatni albatta tark etadi va aholimiz odatiy turmush tarziga oʻtadi. Ammo vaqtida qabul qilinmagan muhim masalalar boʻyicha qarorlar mamlakatimiz iqtisodiyoti va siyosatiga koʻp yillik taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Hozirgi karantin sharoiti mamlakat uchun oziq-ovqat xavfsizligi va mustaqilligi masalasini naqadar muhimligini yana bir bor koʻrsatib berdi. Buni taʼminlashda esa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, uning importi, eksporti muhim oʻrin egallaydi.
Shuning uchun YEOIIdagi Oʻzbekistonning ishtirokini bu sohaga taʼsirini ham atroflicha oʻrganib chiqish lozim boʻladi. Oʻz oʻrnida Oʻzbekiston mazkur Ittifoq bilan hamkorlikning quyidagi ijobiy va salbiy tomonlariga eʼtibor qaratish lozim.
Avvalo, YEOII oʻzining asl mohiyati boʻyicha, ishtirokchilar uchun teng shartlarda faoliyat yuritsa, barchaga foydali tashkilotga aylanadi.
Shu bilan birga YEOII doirasida xizmatlar sohasida yagona transport makoni tashkil etiladi. Bu esa xalqaro tashishlar sohasida ruxsat berish tartiblarini soddalashtirish, yoʻlovchilarning yuklar va transport vositalarining erkin harakatlanishini taʼminlaydi.
Qishloq xoʻjaligida bojxona tartiblarini soddalashtirish hisobidan tadbirkor, fermerlarimiz uchun ulkan bozor eshiklari ochiladi. Ular oʻzlari yetishtirgan mahsulotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri eksport qila boshlaydilar. Natijada, YEOII davlatlariga Oʻzbekistondan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha samaradorligi bir yilda qoʻshimcha 350 mln. AQSH dollariga oshishi mumkin.
Ammo, bu narsa ichki bozorimizda ushbu mahsulotlar taqchilligini yuzaga keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa bozorlarimizda meva-sabzavot narxlarining oshishiga sabab boʻlishi kutiladi.
Xuddi shunday holatni goʻsht mahsulotlari misolida ham koʻrishimiz mumkin. Hozirgi kunda mamlakatimizda chorvachilik mahsuloti eksporti belgilangan bilan amalga oshiriladi. YEOIIga aʼzolik esa mazkur tartibni bekor qiladi. Natijada tadbirkorlarimizni xorijga goʻsht eksportiga oʻtib ketishi oʻzi shundoq ham taqchil boʻlib turgan ichki bozorimizda narxning sezilarli oshishiga olib keladi.
Bundan tashqari ichki bozorni toʻyintirish uchun uchinchi mamlakatlardan import qilinayotgan goʻsht mahsulotlari ham biz uchun qimmatga tusha boshlaydi. Amaldagi tartibga koʻra mamlakatimizga tirik hayvonlar olib kirishga shuningdek, ularning goʻshti uchun import boji 0 foizni tashkil etadi. Yaʼni hozirda boj toʻlovlarisiz olib kiryapmiz.
YEOIIda esa tirik hayvonlar olib kirishga 5 foiz, goʻsht olib kirishga esa 15 % import boji qoʻllaniladi. Koʻrib turganingizdek aʼzo boʻlib kirganimizdan keyin uchinchi mamlakatlardan import qilayotgan tirik hayvonlarimiz narxi 5 foizga, goʻsht mahsulotlarimiz narxi 15 foizga koʻtarilishi muqarrar.
Shu bilan birga YEOII da ishtirok etish bir qator sohalarda koʻplab oʻzgarishlarni amalga oshirishni talab etadi.
Birinchidan, sanitariya nazorati masalalari boʻyicha Oʻzbekistonda amal qiladigan sanitariya-gigiyena qoidalari va normalarini YEOII Yagona sanitariya-epidemologiya va gigiyena talablariga hamda laboratoriyalarni oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha jihozlash talablariga muvofiqlashtirish zarur.
Ikkinchidan, fitosanitariya nazorati masalalari boʻyicha karantin obyektlar va karantin ostidagi mahsulotlarning yagona roʻyxati, laboratoriya diagnostikasi va chegara fitosanitariya nazorat postlarini jihozlashga qoʻyiladigan talablar boʻyicha mavjud tafovutlarni bartaraf etish lozim.
Uchinchidan, veterinariya nazorati masalalari masalalari boʻyicha tekshirishlarni oʻtkazish mexanizmlarini va veterinariya nazorati obyektlari va tovarlari yagona roʻyxatini, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash yuzasidan infratuzilmaga (laboratoriyalar va chegara punktlariga) qoʻyiladigan talablarni muvofiqlashtirish bilan bogʻliq masalalar mavjud.
Mazkur masalalar yaʼni infratuzilmani YEOII talablariga muvofiqlashtirish uchun hukumatning hisob-kitoblariga koʻra 1 mlrd. dollar atrofida mablagʻ talab etiladi.
Shu oʻrinda yana bir mulohaza mavjud. YEOIIga aʼzolikni yuqoridagi iqtisodiyotimizga foyda deb sanalayotgan yoʻnalishlari, keltirilayotgan raqamlar, koʻrsatkichlar, mamlakatimizning boshqa bir tuzilma Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlsa, bir necha barobar yuqoriroq darajaga chiqishi aniq. Afsuski, dunyoning 164 mamlakatni birlashtirgan mazkur tashkilotga aʼzo boʻlib kirmagan sanoqli davlatlar qatoriga kiramiz. Albatta, JST bilan muzokaralar jonlanganini eʼtirof etish lozim. Shu boisdan Oʻzbekiston avvalo, JSTga aʼzo boʻlishi, soʻngra, YEOIIga aʼzo boʻlishi maqsadga muvofiq deb hisoblayman.
Dilrabo XOLBOYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat“ SDP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring