Deputatlar yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar

14:28 15 Sentyabr 2020 Siyosat
996 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020-yil 15-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan majlisida deputatlar yangi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar.

Qonun loyihasi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslan Davletovning va masʼul qoʻmitaning maʼruzalari eshitildi.

Loyiha yuzasidan soʻzga chiqqan deputatlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt va boshqa xalqaro hujjatlarda oʻrnatilgan talablar, BMT inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasining, Insoniylik mezonlari boʻyicha YEXHTning tavsiyalari loyihada oʻz aksini topgani, shu bilan birga, loyihani ishlab chiqish jarayonida xalqimizning koʻp asrlik tarixi va diniy qadriyatlari, bugungi kun voqeligi ham inobatga olinganligini eʼtirof etdilar.

Loyihada sohaga oid munosabatlarni tartibga solish yagona qonunga birlashtirilib, koʻpgina atama va tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda, vakolatli davlat organlarining vazifalari aniqlashtirilmoqda.

Diniy tashkilotlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartib taomillari yengillashtirilib, amalda boʻlgan qonundagi bir qator cheklovlar olib tashlanmoqda. Shu bilan birga diniy tashkilotlarga bir qator qoʻshimcha kafolatlar oʻrnatish qonun loyihasida oʻz aksini topgan. Jumladan, qonun buzilishga yoʻl qoʻygan diniy tashkilotlar faoliyatini toʻxtatib turish faqat sud tartibida amalga oshirilishi va ularga kamchilikni bartaraf etishga 6 oygacha imkoniyat berish kabi qoʻshimcha kafolatlar belgilanmoqda.

Qonun loyihasi parlament quyi palatasiga kelib tushganidan soʻng uni birinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. Koʻpchilikning qiziqishiga sabab boʻlgan qonun loyihasi yuzasidan fuqarolarimiz, jamoatchilik vakillari, xalqaro tashkilotlar oʻz takliflarini bildirmoqdalar.

Deputatlarning soʻzlariga koʻra, qonun loyihasining qabul qilinishi, mamlakatimizda dinlararo bagʻrikenglik va millatlararo hamjihatlikni taʼminlashga, shuningdek, fuqarolarning diniy huquqlari va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga hamda jamiyatda vijdon erkinligi va diniy bagʻrikenglik tamoyillarining yana-da mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Muhokamalardan soʻng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер