Deputatlar tashabbusi: oziq-ovqat narxlari oʻsishini toʻxtatishga qaratildi
Joriy yil avvalida boshlangan pandemiya sharoitida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini toʻliq taʼminlash, narx-navo keskin oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Prezidentimiz va Hukumatimiz tomonidan qator qarorlar qabul qilindi. Jumladan, Davlatimiz rahbarining 2020-yil 3-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan eng zarur 20 turdagi oziq-ovqat va sanitariya-gigiyena mahsulotlarini mamlakatimizga 2020-yilning 31-dekabriga qadar bojxona boji va aksiz soligʻi toʻlovlarining “0” stavkasi boʻyicha olib kirishga ruxsat berildi.
Natijada narxlar barqarorlashdi. Ammo oktyabr oyidan shakar, goʻsht, oʻsimlik yogʻi va kartoshka kabi qator mahsulotlarning narxlari koʻtarilishi kuzatilmoqda. Bu holat avvalo ushbu mahsulotlarni Oʻzbekistonga eksport qilayotgan davlatlarda narxlar koʻtarilayotgani bilan izohlanadi.
Bunday hollarda ularning xarid narxini tushirish uchun, shu turdagi mahsulotlarning ishlab chiqarilishi va chetdan import qilinishiga nisbatan qoʻshimcha imtiyoz choralari qoʻllanishini talab qiladi.
Amaldagi qonunlarga muvofiq qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliq imtiyozlari faqat Soliq kodeksi orqali joriy etilishi belgilangan. Shu sababli, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tashabbusi bilan “Soliq kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib parlament hukmiga havola etildi.
Parlament quyi palatasining 2020-yil 14-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan majlisida ushbu qonun loyihasi deputatlar tomonidan qizgʻin muhokama qilindi.
Mazkur qonun loyihasi bilan 2021-yil 1-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasiga shakar, shu jumladan shakar xom ashyosini, 2021-yil 1-iyulga qadar boʻlgan davrda esa kartoshka, oʻsimlik yogʻi, goʻsht, chorva mollarini tirik holda va ularni soʻyishdan olingan mahsulotlarni olib kirish, shuningdek ularni realizatsiya qilish aylanmalari qoʻshilgan qiymat soligʻidan vaqtinchalik ozod qilish koʻzda tutilmoqda.
Deputatlarining taʼkidlashicha, mazkur qonunning qabul qilinishi kuz-qish mavsumida kartoshka mahsulotlari, oʻsimlik yogʻi, mol, qoʻy va parranda goʻshti taqchilligining oldini olishga, oʻz navbatida ushbu davrda mahsulotlar narxining barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring