Deputatlar nimadan norozi?

17:08 30 Oktyabr 2019 Jamiyat
1451 0

Mamlakatimizda aholiga malakali tibbiy xizmat koʻrsatishni tashkil etish borasida koʻplab amaliy ishlar qilinmoqda. Jumladan, tez tibbiy yordam tizimida transport, barcha tibbiyot muassasalarida dori-darmon taʼminoti sezilarli darajada oshdi, tibbiyot xodimlarining oylik ish haqi bosqichma-bosqich koʻpaytirilmoqda, oliy taʼlim muassasalariga maqsadli kvotalar belgilanmoqda. Bunday misollarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Eng muhimi, xalqimiz buni oʻzining kundalik hayotida sezayotganini eʼtirof etmoqda.

2019-yil 29-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida shifokorlar faoliyatidagi muammolar, kunduzgi statsionarlar faoliyati va ularning tahlili”ga bagʻishlangan yigʻilishda esa, bu borada yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar, aniqlanayotgan muammolar muhokama markazida boʻldi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlumki, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining aholiga yaqinlashtirilgani, yaʼni qishloq vrachlik punktlari negizida oilaviy poliklinikalarning tashkil etilishi, ularda tor soha mutaxassislari faoliyatining hamda kunduzgi statsionarlarning tashkillashtirilishi statsionarga boʻlgan yuklamani kamaytirdi.

Respublikadagi 1198 ta birlamchi tizim muassasasida ayollar maslahatxonalari, 200 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinikada qizlar salomatligi xonalari va perinatal skrining xonalari tashkil etildi va 200 ta yuqori sezuvchi zamonaviy ultratovush apparati bilan jihozlandi. Bundan tashqari, 793 ta qishloq oilaviy poliklinikasiga Osiyo taraqqiyot bankining kredit mablagʻlari hisobidan 9 turdagi tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlash ishlari boshlab yuborildi.

Shunga qaramasdan, deputatlar tomonidan oʻtkazilayotgan oʻrganishlar va tahlillardan maʼlum boʻlyaptiki, tibbiy patronajni tashkil qilish boʻyicha yagona normativ–huquqiy hujjat, shuningdek, tibbiy patronajni amalga oshiruvchi umumiy amaliyot shifokorlari va patronaj hamshiralari ish taqsimotida yagona yondashuv mavjud emas. Masalan, patronaj hamshirasi qishloq vrachlik punktida 750 nafar aholiga 1 stavka boʻlsa, qishloq oilaviy poliklinikada 1000 nafariga, shahardagi oilaviy poliklinikada 667 nafariga 1 stavka koʻzda tutilgan.

Shuningdek, belgilangan tartibga koʻra, umumiy amaliyot shifokori kuniga 6 nafar fuqaroni uyiga borib koʻrishi belgilangan boʻlib, bu vaqtda poliklinika yoki QVPga kelgan bemorlarni qabul qilish imkoni boʻlmaydi. Bundan tashqari, umumiy amaliyot shifokori uchun har kuni 6 nafar bemorni uy sharoitida koʻrish toʻgʻrisidagi talab shifokorning imkoniyatiga mos emas. Yaʼni, hududda bunday bemor bor-yoʻqligi yoki uyiga borishga zarurat bor–yoʻqligi masalasiga eʼtibor qaratilmagan.

Yigʻilishda yana bir muhim masalaga toʻxtalib oʻtildi. Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda yurtimizda tibbiyot sohasiga juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimizning tashabbusi bilan yuritilayotgan keng koʻlamli islohotlar qatorida shaharlarda oilaviy poliklinikalar, tumanlarda esa, qishloq oilaviy poliklinikalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ularda kunduzgi statsionarlar tashkil qilindi.

Xoʻsh, kunduzgi shifoxona oʻzi aslida nega kerak? U odamlarga nima naf beradi?

Yigʻilishda ana shu savollarga ham javob izlandi.

Qayd etilganidek, barcha kasalliklarda ham kecha–kunduz shifoxonada yotib davolanishga ehtiyoj yoʻq. Shuningdek, statsionarda davolanib chiqqanidan keyin muolajalarini davom ettirish zarurati boʻlganida, ayniqsa, keksa yoshdagi fuqarolar, ehtiyojmand aholi qatlamini qamrab olishda kunduzgi statsionarlar muhim oʻrin egallaydi. Oʻziga yaqin hududdagi oilaviy yoki qishloq oilaviy poliklinikalaridagi kunduzgi statsionarlar ana shunday toifadagi bemorlar uchun juda qoʻl keladi. Vaholanki, oilaviy poliklinikaning oʻzida laborator tahlillarni oʻtkazish, tegishli muolajalarni olish imkoni kengaydi.

Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, kunduzgi statsionarlarda muolaja olish, birinchidan, bemorning vaqtini, mablagʻini tejaydi, ovoragarchilikning oldini oladi. Ikkinchidan, xasta odam kunduzgi shifoxonada doimiy holidan xabar oluvchi shifokori va patronaj hamshirasining nazoratida boʻladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari joylarda oʻtkazgan oʻrganishlar jarayonida, afsuski, kunduzgi shifoxonalar imkoniyatidan yetarlicha foydalanilmayotgani aniqlandi. Ayrim oilaviy poliklinikalarda kunduzgi shifoxonalar uchun xonalar yetishmasa, boshqalarida esa, turli sabablar bilan shifo oʻrinlari tashkillashtirilmagan.

Ushbu masala Hukumatning parlamentdagi hisoboti chogʻida ham ayrim deputatlar tomonidan oʻrtaga tashlangan edi. Ammo masala hanuzgacha yechilmasdan qolmoqda.

Yaʼni, amaldagi vaqtinchalik shtatlar normativida kunduzgi shifoxonalar uchun 20 ta shifo oʻrni mavjud boʻlganda 1 shtat vrach va hamshiralar ajratilishi koʻrsatilgan. Joylardagi sharoitlardan kelib chiqib, 10–12 shifo oʻrinlari tashkil qilingan oilaviy poliklinikalarga 0,5 stavka shifokor va hamshira shtatlari ajratilgan. Vaholanki, bu shifokor yoki hamshira atigi uch soat ishlaydi degani, xolos. Qolgan vaqtda kunduzgi shifoxona ishlamaydimi, degan haqli savolga tayinli javob yoʻq.

Deputatlarning fikriga koʻra, joylardagi oilaviy poliklinikalarda 20 ta shifo oʻrnini tashkil qilishga ehtiyoj ham yoʻq, aslida. Imkoniyatdan kelib chiqib tashkil etilgan shifo oʻrinlaridan samarali foydalanilsa, barcha bemorlarga xizmat koʻrsatish imkoni tugʻiladi.

Parlament aʼzolari aslida 20 ta shifo oʻrnidan kelib chiqib shtat ajratish amaliyotini Moliya yoki Sogʻliqni saqlash vazirliklarining byudjet mablagʻlarini iqtisod qilish maqsadida, aniq tahlillarsiz joriy qilgan ishi deb hisoblaydi. Sababi, bugungi kundagi voqelik bu aynan joylardagi vaziyatdan kelib chiqilgan aniq yondashuv natijasi emasligini koʻrsatmoqda.

Tanqidiy tahlil, bahs-munozara ruhida kechgan yigʻilishda ushbu masalalar Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddilari, amaliyotchilar hamda ekspertlar ishtirokida chuqur muhokama qilindi.

Shuningdek, yaqinda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan Parlament eshituvi davomida Sogʻliqni saqlash vazirining mazkur masalalar yechimi yuzasidan ham parlament quyi palatasiga maʼlumot taqdim etishi soʻraladigan boʻldi.

Yigʻilishda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер