Deputatlar: Islom moliyasi boʻyicha qonunchilik asoslarini yaratish vaqti keldi
Anʼanaviy moliya tizimiga muqobil ravishda islom moliyasini joriy etishga qaratilgan qonunchilik asoslarini yaratish vaqti keldi deb yozadilar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Farhod Zayniyev va Jahongir Abdurasulov.
Shiddatkor davr yangi imkoniyatlarni izlash, real iqtisodiyotning rivojlanishi va faollashuvi uchun moliyaviy imkoniyatlar manbasini kengaytirishni taqozo etayotir. Buning uchun esa anʼanaviy moliya tizimiga muqobil ravishda islom moliyasini joriy etishga qaratilgan qonunchilik asoslari yaratilishi lozim.
“Agar biz fuqarolarimizning maʼlum bir qismi diniy eʼtiqodidan kelib chiqqan holda bank xizmatlaridan foydalanishni istamayotganini inobatga olsak, islom moliyasi tamoyillariga asoslangan bank xizmatlari ana shu qatlam omonatlarini iqtisodiyotga jalb etish, ulardan esa oqilona foydalanish uchun katta imkoniyat yaratadi”, – deb yozadi deputat Farhod Zayniyev.
Qayd etilishicha, ayni paytda islom moliyasi koʻplab rivojlangan mamlakatlarda iqtisodiy oʻsishning asosiy omili boʻlmoqda. Hattoki, dunyoviy davlat boʻlsada, aksariyat fuqarolari nasroniy boʻlgan Buyuk Britaniyaning 20 dan ortiq banklarida mijozlarga islom moliyasi mahsulotlari va xizmatlari taklif qilinmoqda.
F.Zayniyevga koʻra, islom moliyasi mahsulotlaridan foydalanish uchun amaldagi bank qonunchiligi, soliq va fuqarolik kodekslariga hamda boshqa qonunosti hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish yoki alohida qonun qabul qilish lozim.
“Shu oʻrinda ushbu tizim anʼanaviy bank-moliya tizimining muqobili sifatida Islom hamkorlik tashkiloti aʼzolari boʻlmagan davlatlarda ham tobora ommalashayotganini taʼkidlash joiz. Oʻtkazilgan soʻrovnomalar, tijorat banklari, tadbirkorlar hamda ilmiy doiralarda oʻtkazilgan uchrashuvlar tahlili mamlakatimizda ham ushbu tizimga juda katta qiziqish bildirilayotganini koʻrsatayotir”, – deb yozadi deputat Jahongir Abdurasulov.
Maʼlumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Islom Hamkorlik Tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida soʻzga chiqib, bu mavzuga oʻz munosabatini bildirgan edi.
“Islom olami ulkan iqtisodiy, investitsion salohiyat, energetika resurslariga ega. Ulardan toʻgʻri foydalanish, Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning xalqaro savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsion hamkorligini kengaytirish, mamlakatlarimizni birlashtiradigan transport yoʻllarini tashkil etish, yuksak iqtisodiy taraqqiyot koʻrsatkichlariga erishish imkonini beradi va bu pirovard natijada boshqa barcha sohalarning rivojlanishida asos boʻlib xizmat qiladi”, — deya taʼkidlab oʻtgandi davlat rahbari.
Chindan ham koʻplab moliyachilar bugun yurtimizda kechayotgan tub islohotlar davrida milliy moliya sektorini rivojlantirish, milliy iqtisodiyotimizdagi oʻsish koʻrsatkichlarini yana-da yaxshilashda islom moliyasi muhim oʻrin tutishini, xususan, qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirishning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini joriy etish, davlatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, bank mahsulotlari bozori rivojiga sezilarli darajada hissa qoʻshishi mumkinligini taʼkidlamoqdalar. Bas, shunday ekan, islom moliyasi tamoyillari asosida faoliyat yuritadigan banklar, investitsiya fondlari va kompaniyalar mablagʻini Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, ayniqsa, xususiy sektorga jalb etish maqsadga muvofiqdir. Buning uchun esa, anʼanaviy moliyalashtirish mexanizmlari bilan bir qatorda sherikchilikka asoslangan islom moliyasi mexanizmlarini joriy etish lozim.
Maʼlumki, islom moliyasi foyda va zararni boʻlishish hamda real aktivlarga asoslangan moliyalashtirishni koʻzda tutadi. Yaʼni, u sherikchilikka asoslanadi. Ular mijoz talabi bilan obyektni qurib berishi, asbob-uskunalar, tovar, xom ashyolar olib berishi yoki ularni ijaraga berishi mumkin. Moliyalashtirish asosida esa savdo amaliyoti yotadi. Zamonaviy bank tizimida esa banklarning savdo amaliyotlarini amalga oshirish qonunchilik nuqtayi nazaridan mushkul boʻlib, bunga soliq hamda bank faoliyatiga taalluqli meʼyoriy-huquqiy hujjatlar toʻsqinlik qiladi.
Ushbu tizim iqtisodiy inqiroz yuz bergan paytlarda ham barqaror faoliyat olib borganini nazarda tutsak, ayni vaqtda AQSH va Yevropaning koʻplab davlatlarida islom moliyasi tizimining asosiy tamoyillari chuqur oʻrganilayotgani sababini tushunish mumkin boʻladi.
Sheriklik asosidagi moliyalash tizimi, shuningdek, daxlsizlik, shartnoma majburiyatlariga rioya qilish, tavakkalchiliklarni, foyda va daromadlarni adolatli taqsimlash, iqtisodiy farovonlik va ijtimoiy adolatning muvofiqlik tamoyillariga ham asoslanadi. Axloqiy meʼyorlarga rioya qilish, ijtimoiy adolat, qonun doirasida harakat qilish, mablagʻlarni meʼyorida sarflash va monopoliyaga qarshi kurashish mazkur tizimning fundamental asoslari ekanini ham taʼkidlash joiz.
Avvalroq Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist, yuridik fanlar doktori, professor Omonboy Oqyulov ham yangi tahriri ustida ishlanilayotgan Fuqarolik kodeksiga islom moliyasi mexanizmlari hamda oldi-sotdi qoidalari kiritishni taklif etgan edi.
Islom diniga eʼtiqod qiluvchilar uchun sudxoʻrlik ogʻir gunohdir. Binobarin, ular eʼtiqodiga toʻgʻri keladigan shartnoma konstruksiyalari Fuqarolik kodeksida oʻz ifodasini topishi lozim, deya fikr bildirgan professor Omonboy Oqyulov.
Oʻzbekiston Respublikasi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev ushbu mavzuda fikr yuritib: «Islom moliyasi bu butun dunyoda taraqqiy topayotgan va yuqori surʼatlarda rivojlanib kelayotgan moliya sohalaridan biri. Lekin biz shuni tan olishimiz kerakki, Oʻzbekistonda bu borada Oʻzbekistonda amaliy qadamlar tashlangani yoʻq. Vaholonki, hukumat tomonidan bu sohaning muhimligi va undan unumli foydalanish, rivojlantirish ishlarini boshlash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan va barcha davlat idoralarga yetkazilgan edi», – deya taʼkidlagandi.
Shu oʻrinda, Islom moliyasi tizimining shakllanishi nafaqat iqtisodiy, balki axloqiy, madaniy va diniy sohalarda ham jamiyatda boyliklarni teng taqsimlashda ijtimoiy adolatni kuchaytirishga qaratilgani bilan ham mutaxassislar eʼtiborini tortmoqda. Shuning uchun ham ushbu tizim anʼanaviy kreditlash tizimi singari bozor iqtisodiyoti hamda ijtimoiy-madaniy qadriyatlarga toʻla mos keladi. Bugungi kunda Malayziya, Turkiya, Angliya, Shveysariya, Fransiya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston iqtisodiyotiga ushbu tizim jadal kirib bormoqda.
Mamlakat bank tizimi va moliyachilar zimmasiga yuklatilayotgan vazifalar esa bizda ham ushbu tizimni joriy etish uchun huquqiy asoslar yaratish payti kelganini koʻrsatyapti. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga qoʻshimcha kapital va investitsiyalar kirib kelishi hamda muqobil moliyalashtirish mexanizmlarini taklif etishga ham imkon yaratadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring