Deputatlar 2021-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunni qabul qildilar

21:23 01 Dekabr 2020 Siyosat
2219 0

2020-yil 1-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar.

Qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqish jarayonida barcha siyosiy partiyalarning fraksiyalari oʻz pozitsiyasini bildirib, qator takliflarni ilgari surgan edilar. Birinchi oʻqish bilan ikkinchi oʻqish oraligʻida boʻlib oʻtgan fraksiyalar, masʼul qoʻmita hamda ishchi guruh yigʻilishlarida qonun loyihasini takomillashtirishga qaratilgan 100 ga yaqin takliflar bildirildi. Koʻplab prinsipial ahamiyatga molik takliflarga Hukumat vakillarining masʼuliyat bilan yondashuvi “Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining mukammal boʻlishiga va takomillashuviga xizmat qildi.

Davlat byudjeti har bir siyosiy partiyaning elektoratiga bevosita aloqador ekanligidan kelib chiqib, uning normalari qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Muhokamalar natijasida qonun loyihasining qator muayyan normalariga aniqlashtiruvchi tuzatishlar kiritilganidan tashqari tegishli moddalarga 23 ta prinsipial oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Deputatlarning oʻrinli takliflari asosida hukumat vakillarining roziligida loyiha 1 ta mutlaqo yangi modda bilan toʻldirildi. Bundan tashqari, deputatlar taklifiga koʻra, 2021-yil uchun Davlat byudjeti loyihasida umumtaʼlim maktablarini jihozlash uchun qoʻshimcha 100 milliard soʻm, “El-yurt umidi” fondiga qoʻshimcha 32,5 milliard soʻm, Axborot-kutubxona markazlarida kutubxona fondini yangilash va toʻldirish uchun 5 milliard soʻm mablagʻ ajratiladigan boʻldi.

Majlisda deputatlar kelajak vorislarining tarbiya oʻchogʻi-maktablar va taʼlim-tarbiya masalalariga yoʻnaltirayotgan byudjet mablagʻlarini koʻpaytirish imkoniyatlarini qayta koʻrib chiqishni tavsiya etdilar. Jumladan, maktablarda boshlangʻich harbiy tayyorgarlik sohasiga mutasaddilik qilayotgan direktor oʻrinbosarlari moddiy taʼminotini boshqa oʻrinbosarlarga tenglashtirish, sanʼat yoʻnalishida oʻrta taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan qoʻzi ojiz nogironligi boʻlgan oʻquvchilarni toʻlovsiz taʼlim olishini taʼminlash, maktablar qayta qurilishi va taʼmirlanishiga ajratilayotgan mablagʻlarni koʻpaytirish masalalariga jiddiy manfaatdorlik bilan yondashdilar.

Deputatlar koʻtargan har bir muammo yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari batafsil va talablarni qondirish mazmunidagi javoblarni berdilar. Ayniqsa, maktablar kesimidagi mablagʻlarni koʻpaytirish haqidagi axborot, qoʻzi ojiz nogironligi boʻlgan oʻquvchilarning tahsil olishini toʻlovsiz tartibga oʻtkazish toʻgʻrisidagi normativ-huquqiy hujjat imzolanish arafasida ekanligi toʻgʻrisidagi javoblar deputatlar tomonidan iliq kutib olindi.

Shu bilan birga, xalq vakillarining Davlat byudjeti daromadlarining manbalari va xarajatlarini tahlil qilish natijasida davlat dasturlari doirasida ajratilishi lozim boʻlgan mablagʻlarni 2021-yil byudjetida aks ettirishga erishildi. Jumladan, sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish, aholining sogʻlom ovqatlanishini, tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yana-da oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga yangi mexanizmlarni joriy qilish xarajatlariga 63,4 milliard soʻm, yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini rivojlantirish dasturiga 104 milliard soʻm mablagʻ ajratiladigan boʻldi.

Shuningdek, kelgusi yillarda tamaki mahsulotlari uchun aksiz soligʻidan keladigan tushumlarni alkogol mahsulotlari uchun aksiz soligʻi kabi hududlarga respublika aholisidagi ulushiga muvofiq taqsimlanishini hamda Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda amaldagi soliq imtiyozlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazgan holda qayta koʻrib chiqish va ularni bekor qilish yuzasidan takliflar bildirildi.

Mamlakatimizning 2021-yilga moʻljallangan asosiy moliyaviy hujjati qoʻmitalar, ayniqsa, siyosiy partiyalar fraksiyalarida har qachongidan ham qizgʻin tortishuvlarga sabab boʻldi. Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga muddatidan biroz kechiktirib kiritilishi ishlarni qizgʻin jadval asosida olib borishni taqozo etdi. Har bir qoʻmita va fraksiya yigʻilishlarida Hukumat aʼzolari, tegishli vazirlik rahbarlari barcha savollarga yechim topilishiga koʻmaklashdilar, yuzlab taklif va savollar koʻtarildi hamda pirovard natijada ular loyihaning tugal variantida oʻz aksini topdi.

Majlisda bosh moliyaviy hujjat loyihasi qizgʻin muhokama qilinib, parlament vakillarining bergan savollariga Moliya vaziri T.Ishmetov, tegishli vazirlik va idoralarning masʼullari atroflicha javob qaytardilar.

Barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining soʻzga chiqqan vakillari tomonidan Hukumat tomonidan taqdim etilgan “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini qoʻllab-quvvatlashni taklif etdilar.

Qizgʻin bahs-munozara va savol-javoblardan soʻng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi hamda Senatga yuboriladigan boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер