Deputat Yelena Borisova qayerda?
Bugun butun dunyo sinovli kunlarni boshidan kechirmoqda. Bu jarayonda shifokorlarimiz tom maʼnoda jang maydonining oldi qatorida turib, jasorat koʻrsatayotganini barchamiz koʻrib, bilib turibmiz. Ular odamlarning salomatligi yoʻlida bor kuch va mehnatlarini safarbar qilmoqda. Chinakam qahramonlik bilan bemorlar dardiga malham boʻlmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi raisi Yelena Borisova ham ana shunday jafokash insonlarning biri. Men shunday deputatlar bilan bir jamoada mehnat qilayotganim bilan faxrlanaman. Koronavirus kasalligi tarqalgan birinchi kunlardanoq u pandemiyaga qarshi kurashish, uning ustidan gʻalaba qozonish uchun jang maydoniga kirgan edi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. El dardi bilan yashaydigan hakimlar doim el ardogʻida boʻlgan,eʼzozlangan va doim koʻpchilik unga suyangan, ishonch bildirgan. Kuni kecha Ye. Borisova Toshkent viloyati Zangiota tumanida koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qiluvchi ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi faoliyatini samarali tashkil etish ishlariga jalb qilindi.
Taʼkidlash joiz, Ye. Borisova koʻp yillar davomida sogʻliqni saqlash tizimida faoliyat yuritgan tajribali, tashabbuskor, oʻz kasbining ustasi boʻlgan shifokorlardan biri. Qisqa muddat ichida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil tadbirlarida jonbozlik koʻrsatish bilan birga oʻzining mehri, bilimi, tajribasi bilan koʻpchilikning qalbidan munosib oʻrin egalladi.
Hamkasbimizning bugungi murakkab va sinovli kunlarda oʻz mahorati va bor tajribasini ishga solib, yurtdoshlarimizning mazkur kasallikdan forigʻ boʻlishlari, umuman ana shu koʻrinmas yovni butunlay daf qilishda barcha imkoniyatlarini ishga solishiga ishonamiz.
Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring