Denovdagi oʻzgarishlar – OAV vakillari nigohida

15:01 23 Avgust 2022 Jamiyat
832 0

Foto: Xalq so‘zi

Oʻzbekiston Jurnalistlari uyushmasi Surxondaryo viloyat boʻlimi va Denov tumani hokimligi hamkorligida jurnalist hamda blogerlar uchun media-tur tashkil etildi.

Dastlab tuman hokimligida oʻtkazilgan matbuot anjumanida OAV vakillariga hudud ijtimoiy-iqtisodiy hayotida roʻy berayotgan oʻzgarishlar, erishilayotgan yutuqlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Qayd etilishicha, tumanda bu yil umumiy qiymati 728 mlrd. 679 mln. soʻmlik mablagʻ evaziga yuzga yaqin loyihalarni amalga oshirish va qariyb 2 mingta ish oʻrinlari yaratish belgilangan. Joriy yilning shu davriga qadar eksportyor korxonalar tomonidan 13,1 mln. AQSH dollarlik mahsulot tashqi bozorga chiqarilgan boʻlib, ularning asosiy qismini meva-sabzavotlar va sanoat mahsulotlari tashkil etdi. Tumanda yaratilgan qulay tadbirkorlik muhiti yangidan-yangi loyihalarni ishga tushirishga zamin yaratmoqda. Jumladan, yil boshidan buyon 18 ta korxonada 22,6 mln. dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va xorijiy kreditlar oʻzlashtirildi.

Tadbir ishtirokchilari “Loyiha guruhi” faoliyatini oʻrgandilar. Mazkur shtabda tumandagi jami 98 nafar hokim yordamchisi bilan birgalikda har bir mahalla “drayver” sohasidan kelib chiqqan holda umumiy qiymati 441 mlrd. soʻmlik 294 ta loyiha gʻoyalari shakllantirilgan.

Jurnalist va blogerlar, shuningdek, “Denov ravnaq kamoli” xususiy korxonasi, “Vodiy” mahallasidagi qiymati 2,5 mlrd soʻmlik trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi, “Saodat Denov Tekstil” korxonasi faoliyati bilan tanishdilar.

Tumanda ikkita kichik sanoat zona, Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi va bitta erkin iqtisodiy zona tashkil etilgan. Bu esa hududda yangi ish oʻrinlarini yaratish, yuqori iqtisodiy daromad olish imkoniyatini kengaytirmoqda.

Pojur qishlogʻi Denov tumani markazidan 50 km uzoqlikda joylashgan. Media-tur qatnashchilari ushbu qishloqqa tashrif buyurib, pojurliklar bilan muloqotda boʻldi.

Asosan chorvachilik va dexqonchilik bilan shugʻullanadigan ushbu qishloq aholisi oldinlari nosoz yoʻllar sabab, ayniqsa, yogʻingarchilik mavsumida qiynalishgan boʻlsa, bugungi kunga kelib bu qiyinchiliklar ortda qoldi. Jumladan, qishloqqa olib boruvchi togʻ yoʻllarining 7 kilometrlik qismi taʼmirlanib, asfalt yotqizildi. Uzoq yillar foydalanishga yaroqsiz boʻlib kelgan eski koʻprik oʻrniga 6 milliard soʻm mablagʻ evaziga yangi koʻprik qurildi. Qishloqdagi 16-sonli umumtaʼlim maktabida qoʻshimcha 120 oʻrinli oʻquv binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Zamonaviy axborot texnologiyalari va jihozlar bilan taʼminlandi.

Jurnalist va blogerlar pojurliklarning turmush tarzi, ularni oʻylantirayotgan masalalar bilan qiziqdi. Bugunidan koʻngli toʻq, ertangi kunga umid va ishonch bilan yashayotgan qishloq odamlaridagi koʻtarinkilik koʻngillarga koʻchdi.

Ilhom Rahmatov,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер