Davlat ulushi bor korxonalarda transformatsiya jarayoni boshlanadi(mi?)

14:54 12 Yanvar 2021 Iqtisodiyot
1553 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasini qayta-qayta oʻqib, haqiqatan ham 2021-yil mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotida tub islohotlar yili boʻlishini his qildim. Dasturilamalda barcha sohalardagi muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi. Eng asosiysi, har bir tashabbusni, belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun uning moliyaviy manbai va ijrochisi aniq koʻrsatib berildi. Bu esa Murojaatnomada qamrab olingan masalalar hayotda oʻz aksini topishining kafolatidir.

Oxirgi paytlarda fuqarolarning jiddiy eʼtiroziga sabab boʻlgan va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan tabiiy hamda suyultirilgan gaz, elektr taʼminotidagi jiddiy kamchiliklar, monopol korxonalarning narx-navoni shakllantirish va xizmatlar sifatining qoniqarsizligi boʻyicha bildirilgan eʼtirozlar ham Murojaatnomada yechimini topdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish, davlat ulushi bor korxonalarda transformatsiya jarayonini boshlash, soliq toʻlovchilarning puliga kun kechirayotgan, davlat byudjetiga ortiqcha yuk boʻlayotgan korxonalarning davlat ulushini strategik investorlarga sotish mamlakat iqtisodiy oʻsishini taʼminlashga, xorijiy investorlarni hamkorlikka chorlashga, eng asosiy jihati ishchi oʻrinlari yaratishga xizmat qilishiga shak-shubha yoʻq. Xususan, «Oʻzbekneftgaz», «Oʻzbekgidroenergo», «Oʻzavtosanoat» kabi 32 dan ortiq strategik ahamiyatga ega boʻlgan korxonalar transformatsiya qilinadi, 80 dan ortiq korxonalardagi davlat ulushi sotiladi. Xalq vakillari sifatida biz deputatlar mazkur jarayonlarni diqqat bilan kuzatib borishimiz, savdolar ochiq va shaffof tarzda, milliy manfaatlarni inobatga olgan holda oʻtkazilishida parlament nazoratini kuchaytirishimiz zarur boʻladi.

Albatta, begona yurtga sarmoya kiritmoqchi boʻlgan har qanday investor ushbu mamlakatda mulk daxlsizligi taʼminlanganligi, yaʼni qonun ustuvor boʻlishi, davlatning iqtisodiyotga aralashuvi minimal boʻlishi va nihoyat tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun infratuzilmaning mavjudligiga eʼtibor beradi. Bu jihatlar Murojaatnomada oʻz yechimini topgani muhim ahamiyatga ega.

Murojaatnomada zikr etilgan yana bir muhim yangilik – yirik investorlar huquqlarini himoya qilish, investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni koʻrish uchun Oliy sudga murojaat etishlari mumkin boʻladi. Bu bilan investorlarning mamlakatimizda qonun ustuvorligiga ishonchlari ortadi.

Prezidentimiz Murojaatnoma orqali uzoqni nazarda tutgan muhim islohotlarga tamal toshini qoʻydi. Zero, qonun ustuvor boʻlgan, kuch adolatga boʻysungan yurtda hamisha obodlik, farovonlik boʻladi.

Nodirbek TILAVOLDIYEV,
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер