Davlat tilini bilish darajasini aniqlash nega kerak?

18:40 30 Noyabr 2020 Jamiyat
1567 0

Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan 2020-yil 28-sentyabrda Vazirlar Mahkamasining 592-sonli qarori qabul qilingan. Ushbu qaror bilan Nizom asosida Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishda chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi ishlab chiqilgan.

Tartibga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda talabgorlarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan toʻlov (bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida) asosida amalga oshiriladi.

Davlat tili boʻyicha imtihon talabgorning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha Markaz yoki uning hududiy boʻlinmalarida oʻtkaziladi.

Davlat tilini bilish darajasini aniqlash uchun sinov imtihoni topshiriladi.

Talabgor davlat tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha sinov imtihonida qatnashish uchun ariza bilan Markaz yoki uning hududiy boʻlinmalariga shaxsan oʻzi (uzrli sabablar mavjud boʻlganda, yaʼni kasallik va konsullik muassasasi mavjud boʻlmaganda notarial tartibda tasdiqlangan iltimosnoma ishonchli shaxslar orqali) yoxud elektron tarzda murojaat qilib, quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

1. shaxsini tasdiqlovchi hujjat (chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning tugʻilganlik haqida guvohnomasi hamda Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoki ID-kartasi) (hujjatlardan nusxa olinib, asli egasiga qaytarib beriladi);

2. 3,5 x 4,5 sm oʻlchamli rangli, orqa foni oq rangdagi 2 dona fotosurat;

3. toʻlov toʻlanganligi toʻgʻrisidagi kvitansiya.

Hujjatlar qabul qilib olinganidan soʻng, talabgorga hujjatlar qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi sinov imtihonini oʻtkazish vaqti koʻrsatilgan maʼlumotnoma (elektron qilingan murojaatga maʼlumotnoma elektron tarzda) taqdim etiladi.

Sinov imtihoni topshirish hujjatlar taqdim etilganidan soʻng bir oy muddatda oʻtkaziladi.

Sinov imtihonlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan tasdiqlangan tarkibdagi davlat tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha sinovlarni oʻtkazish uchun hududiy imtihon komissiyalari tomonidan oʻtkaziladi.

Sinov imtihonlarida ishtirok etish uchun ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda boshqa fuqarolik jamiyati institutlari vakillari kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun taklif etilishi mumkin.

Sinov imtihoni test, yozma va ogʻzaki shakllarda oʻtkaziladi.

Test talabgorning kundalik turmushida foydalanuvchi sodda xabarlar, til egasi bilan tanish va maxsus mavzuda muloqotga kirishganda foydalaniladigan maʼlumotlar asosida tuzilgan 10 ta mantiqiy savollardan iborat.

Test savollariga toʻgʻri javoblar uchun beriladigan eng koʻp ball 30 ballni tashkil etadi. Test savollarini yechish uchun 15 daqiqa vaqt beriladi.

Yozma sinov shakli diktant shaklida yoki talabgorning sodda anketalarni shaxsiy maʼlumot bilan toʻldira olish, rasmiy xat, ish yuritish qogʻozlarini (ariza, rozilik xatlari, rezyume) yoza olish darajasini aniqlash maqsadida maʼlum bir topshiriqni (anketa toʻldirish, ariza yozish kabi) yozish tarzida oʻtkaziladi.

Yozma sinov uchun beriladigan eng koʻp ball 30 ballni tashkil etadi. Yozma sinovni bajarish uchun 15 daqiqa vaqt beriladi.

Ogʻzaki sinov shakli talabgorning oʻzi haqida ogʻzaki maʼlumot bera olish, ijtimoiy-maishiy mavzuda taklif etilgan suhbatga kirisha olish, fikrini sodda tarzda tushuntirib bera olish, tanish mavzularda oʻz fikrini bildira olish (kitoblar, filmlar, musiqa xususida), hikoya yoki muhokama mazmunini sodda iboralar bilan qisqacha gapirib bera olish darajasini bilish maqsadida tuzilgan savollar asosida tashkil qilinadi.

Ogʻzaki sinov uchun beriladigan eng koʻp ball 40 ballni tashkil etadi. Ogʻzaki sinovni bajarish uchun 10 daqiqa vaqt beriladi.

Sinov imtihoni yakunlari boʻyicha eng yuqori ballning 50 foizidan (50 balldan) kam ball olgan talabgor sinov imtihonidan oʻtmagan deb hisoblanadi va qayta qatnashish uchun sinov imtihoni oʻtkazilgan kundan boshlab kamida bir oydan keyin ariza (qayta toʻlov amalga oshirilganligi toʻgʻrisidagi kvitansiya ilova qilingan holda) bilan murojaat qiladi.

Sinov imtihoni natijalari uch kun muddatda eʼlon qilinadi.

Minimal talablar asosida sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlarga Markaz va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan belgilangan shakldagi davlat tilini bilish toʻgʻrisidagi malaka sertifikati beriladi. Malaka sertifikati muddatsiz amal qiladi.

Markaz va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan malaka sertifikatlari reyestri yuritiladi.

Malaka sertifikatlari reyestrida quyidagilar koʻrsatilishi lozim:

  1. talabgorning familiyasi, ismi, otasining ismi;
  2. tugʻilgan sanasi va joyi;
  3. shaxsini tasdiqlovchi hujjat (seriyasi va tartib raqami, kim tomonidan va qachon berilganligi);
  4. Markaz va uning hududiy boʻlinmalari rahbarlarining malaka sertifikati berish toʻgʻrisidagi tegishli buyrugʻi sanasi va tartib raqami;

5. malaka sertifikatining seriyasi, tartib raqami va berilgan sana.

Malaka sertifikati shaxsini tasdiqlovchi hujjat koʻrsatilgan taqdirda talabgorga yoki uning qonuniy vakiliga beriladi.

Malaka sertifikati QR-kod (matriks shtrixli kod) bilan tasdiqlagan holda elektron tarzda taqdim etilishi ham mumkin.

Yoʻqolgan, talabgorning aybi bilan maʼlumotlar notoʻgʻri kiritilgan yoki yaroqsiz holga keltirilgan malaka sertifikati oʻrniga talabgorning arizasiga koʻra Markaz va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan uning dublikati beriladi.

Bunda malaka sertifikati dublikati tayyorlanganligi uchun yigʻim undirilmaydi hamda avval berilgan (yoʻqotilgan malaka sertifikatlaridan tashqari) malaka sertifikati markaz yoki uning hududiy boʻlinmalariga qaytariladi.

Sh.Baxronov,
Uchquduq tuman iqtisodiy sudi xodimi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер