Davlat qarzlarini optimallashtirish lozim

16:27 26 May 2020 Jamiyat
961 0

2020-yil 26-may kuni “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2019-yildagi ijrosi toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yil birinchi chorakdagi ijrosi toʻgʻrisida”gi Vazirlar Maxkamasining hisoboti partiyaning dasturiy maqsadlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda koʻrib chiqildi va atroflicha muhokama qilindi.

Yigʻilishda fraksiya aʼzolari partiyaning milliy iqtisodiyotni va ijtimoiy sohalarni rivojlantirish borasidagi ustivor vazifalaridan kelib chiqqan holda Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining hisobot davrlaridagi ijrosida quyidagi masalalarga eʼtibor qaratdilar.

Avvalo, deputatlar 2020-yilda iqtisodiyotni yangi asosda tashkil etish va yana-da erkinlashtirish, uni diversifikatsiya qilish va tarkibiy oʻzgartirish, ishlab chiqarishga eng zamonaviy, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilayotganligini alohida taʼkidlab oʻtdilar.

Axborotda keltirilishicha, 2019 hisobot yilida aholi umumiy daromadlari 344,7 trln. soʻmni tashkil etgan va 2018-yilga nisbatan 106,5 foiz real oʻsishga erishilgan. Aholi jon boshiga hisoblangan umumiy daromadlar 10,3 mln. soʻmni, nominal oʻsish surʼati 119,7 foizini, real oʻsish surʼati esa 104,5 foizini tashkil etgan.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda deputatlar joylardagi oʻrganishlar natijalariga asoslangan holda xududlarning resurs salohiyatini toʻliq amalga oshirish, byudjet mablagʻlaridan yana-da samarali foydalanishni taʼminlash, mahalliy byudjetlar daromadini oshirish borasida joylarda mavjud imkoniyat va rezervlarni toʻla ishlatish orqali ish oʻrinlarini koʻpaytirish va bu orqali aholi daromadlarini oshirish lozimligini taʼkidladilar.

Bundan tashqari, deputatlar tomonidan byudjet tashkilotlarida Davlat moliyaviy nazorat tadbirlarida moliyaviy xatoliklar, pul mablagʻlari va moddiy boyliklarni kamomadi va oʻzlashtirishlar hamda noqonuniy xarajatlar aniqlanayotganligi, ularni yildan yilga doimiy oʻsib borayotganligi alohida tashvish bilan qayd etildi.

Shuningdek, 2007-yildan boshlab Moliya vazirligi tizimida byudjet mablagʻlarini birlamchi va joriy nazorat funksiyasiga va kameral nazoratga ega boʻlgan elektron dastur asosida ishlaydigan Gʻaznachilik tizimi yaratilgan boʻlsada, bu tizimning nazorat funksiyalari hozirgi kungacha ishlamayotganligi hamda bunday holatlarni bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarni kamsamaraliligi deputatlar tomonidan qizgʻin baxslarga sabab boʻldi.

Deputatlar shuningdek jismonan va ruhan sogʻlom yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish, bolalar va yoshlarning keng koʻlamda sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun qulay shart­sharoitlar yaratish partiyaning saylovoldi dasturida keltirilganligini eʼtirof etib, bu sohadagi moliyaviy ajratmalarga eʼtibor qaratdilar.

Masʼullarning taʼkidlashicha, madaniyat va sport sohasiga Davlat byudjetidan 2019-yil yakunida yoʻnaltirilgan mablagʻlar miqdori 2 417,3 mlrd. soʻmni (yoki ijtimoiy xarajatlarga ajratilgan mablagʻlarning 3,8 foizini) tashkil etgan va bu koʻrsatkich 2018-yilga nisbatan 79,7 foizga oʻsgan. Sport va ommaviy-jismoniy tarbiya tadbirlarini tashkil etish xarajatlariga, shuningdek xalqaro musobaqalarda ishtirok etish uchun
2019-yilda Davlat byudjetidan 120,6 mlrd. soʻm (2018-yilga nisbatan 39,5 mlrd. soʻmga yoki qariyb 1,49 baravarga koʻproq) mablagʻ moliyalashtirilgan.

Shunigdek deputatlar Davlat tashqi qarzlari muqobil iqtisodiyot mexanizmlaridan toʻliq foydalanilmayotganligiga eʼtibor qaratdilar. Yaʼni, 2019-yil holatiga davlat tashqi qarzi 9.9 mlrd. AQSH dollari, ichki qarzi esa 4.8 mlrd. AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, ushbu koʻrsatgichlar 2020-yil boshida mos ravishda 15.6 mlrd. AQSH dollarini va 2.0 mlrd. AQSH dollarini tashkil etgan.

Masalan, ichki qarz ulushini oʻstirish hisobiga yaʼni davlat qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish orqali davlat qarzini optimallashtirishga erishish mumkinligini qayd etdi. Ushbu tajriba davlatning tashqi siyosiy mustaqilligini saqlash hamda ichki milliy iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini aytib, hukumatni mazkur sohaga jiddiy eʼtibor qaratishi lozimligini qayd etdi.

Fraksiya aʼzolari davlat byudjetining barcha darajalarida mutanosiblikni taʼminlash, yuqori byudjetga qaram boʻlgan xududlarni kamaytirish, ayniqsa, mahalliy byudjetlarning daromadlarini mustahkamlashga qaratilgan byudjetlararo munosabatlarning takomillashtirilishi hisobot davrida xarajatlarning ijtimoiy yoʻnaltirilganligini saqlab qolish va byudjet parametrlarida belgilangan barcha tadbirlarni toʻliq amalga oshirish imkoniyatini yaratganligini aytib oʻtdilar.

Fraksiya yigʻilishida shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Madaniyat toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi ham atroflicha muhokama qilindi.

Muhokamalarda bugungi kunda madaniyat va sanʼat sohasini boshqarishda eskicha usullar saqlanib qolayotganligi, mavjud muammolarni hal etish boʻyicha kompleks yondashuvlarning yetishmasligi, madaniyat muassasalarining faoliyatini tashkil etish, aholiga madaniy xizmat koʻrsatishdagi oqsoqliklar, aksariyat joylarda madaniyat va sanʼat maskanlarining moddiy-texnik bazasining bugungi kun talablariga javob bermasligi, ayniqsa, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda mavjud talab va ehtiyojlarni hisobga olmaslik, ularni qayta tayyorlash, malakasini oshirish borasida puxta tizim yaratilmaganligi madaniyat sohasida yagona davlat siyosatini yana-da samarali amalga oshirilishga toʻsqinlik qilayotganligini aytib oʻtdilar.

Deputatlar taklif etilayotgan qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, xalqlari va etnik qatlamlarning milliy va umumbashariy madaniyati sohasida vujudga keladigan asosiy huquqiy munosabatlarni tizimli tartibga solish uchun asos boʻlishi kerakligini taʼkidladilar.

Yigʻilishda, shuningdek, boshqa qonun loyihalari koʻrib chiqilib, barcha masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер