Davlat oliygohlarining barcha bosqich talabalari uchun toʻlov-kontrakt miqdorlari oshirilmaydi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz taʼlim tizimiga qaratayotgan alohida eʼtibori natijasida 2023/2024-oʻquv yili uchun barcha yoʻnalishlar boʻyicha toʻlov-kontrakt miqdorlari oshirilmaydigan boʻldi.
Talabalar va ularning ota-onalariga yengillik yaratish va ularni qoʻllab-quvvatlash hamda aholining toʻlov qobiliyatini inobatga olgan holda, istisno tariqasida, 2023/2024-oʻquv yili uchun barcha bosqichdagi talabalarning toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymati miqdori davlat oliy taʼlim muassasalari, jumladan, moliyaviy mustaqillik berilgan oliygohlarda ham bazaviy toʻlov-kontrakt qiymati 2022/2023-oʻquv yili uchun belgilangan miqdorlarda saqlab qolinadi.
Shu bilan bir qatorda, 2023/2024-oʻquv yili tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorlari oʻtgan oʻquv yili uchun belgilangan miqdorlarda oʻzgarishsiz qoladi.
2023/2024-oʻquv yili qabulida toʻplagan ballari tasdiqlangan qabul parametrlari chegarasiga yetmagan, lekin tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida tahsil olish istagini bildirgan abituriyentlarga, istisno tariqasida yangi oʻquv yili boshlanishidan shartnomalar rasmiylashtirishga, shuningdek bir yillik oʻqitish qiymatining 50 foizini toʻlaganlarni talabalar safiga qabul qilishga ruxsat berildi.
Shuningdek, yana bir yengillik – tasdiqlangan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt qiymatini 2023-yil 15-oktyabriga qadar toʻliq toʻlagan abituriyentlar uchun 10 foiz miqdorida chegirma berilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring