Davlat korxonasi talon-toroj qilinishining oldi olindi

15:22 17 May 2022 Jamiyat
589 0

Foto: Illustrativ foto

Boriga qanoat qilish, halol mehnat bilan rizq topish nechogʻlik afzal ekanini tushunib, bunga amal qiladiganlar orasida, afsuski, nafsiga qul kimsalar ham yoʻq emas. Samarqand viloyatidagi “Avtotrans-Urgut” davlat unitar korxonasi mansabdor shaxslari ana shunday toifadan ekani maʼlum boʻldi.

Joriy yilning mart oyida DXX Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi tomonidan “Avtotrans-Urgut” DUK mansabdor shaxslari yoʻlovchi tashishdan tushadigan naqd pul va soliqqa toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlarni talon-toroj qilib kelayotgani aniqlandi.

Asosiy vazifasi yurtdoshlarimiz uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qilish, sifatli transport xizmati koʻrsatish boʻlgan bu shaxslar oʻz manfaatlarini oʻylashdan nariga oʻtmagan. Ular tomonidan korxonada uyushgan guruh tashkil etilib, mazkur guruh aniq reja asosida jinoiy faoliyat olib borgan.

“Avtotrans-Urgut” DUK mansabdor shaxslaridan tarkib topgan jinoiy guruh davlatga toʻlanishi lozim boʻlgan kredit mablagʻlarini osongina oʻzlashtiradilar. Oqibatda sunʼiy ravishda qarzdorlik oshirilib, korxonaning xoʻjalik-moliyaviy holatini qasddan iqtisodiy inqirozga olib kelishga erishiladi.

Oʻtkazilgan monitoring davomida aniqlanishicha, “Avtotrans-Urgut” DUK uchun davlat tomonidan 60 ta avtobus sotib olish va korxona ustav jamgʻarmasini shakllantirish maqsadida jami 4,5 milliard soʻm mablagʻ oʻtkazib berilgan. Lekin korxona rahbarlari 2021-yilning mart-avgust oylarida jamiyat kassasiga kirim qilingan naqd pullarni xizmat koʻrsatuvchi bank hisoblanmish AT «Ipotekabank» Samarqand filialiga topshirmasdan kelgan va jami 1,5 milliard soʻm mablagʻ jinoiy guruh tomonidan oʻzlashtirib yuborilgan. Bundan tashqari soliq hisobotlari tahlili natijalariga koʻra qoʻshilgan qiymat soligʻi hisoblanmasdan, yashirilgan holda soliq hisobotlari tuman soliq inspeksiyasiga taqdim etilgan. Shu bilan kifoyalanib qolmay, korxonaning yuridik manzilini Urgut tumanidan Samarqand tumaniga koʻchirishgan. Oʻzlashtirilgan pul mablagʻlarini toʻlashdan qochish va DUKni oʻzlashtirish maqsadida korxonani sunʼiy ravishda inqiroz holatiga keltirishgan.

Ushbu masʼullar sunʼiy ravishda bankrot holatiga olib kelingan korxonani ochiq auksion savdosida bor-yoʻgʻi 1,7 milliard soʻmga baholatib, oʻzlari sotib olishni rejalashtirishadi.

Ayni paytda ushbu jinoiy faoliyat boʻyicha huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер