Davlat xizmatlarini koʻrsatish sifati ortmoqda

09:35 03 Noyabr 2019 Jamiyat
1265 0

Joriy yilning 2-noyabr kuni Andijon tuman Davlat xizmatlari markazida respublika hamda mahalliy OAV vakillari uchun Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasining joriy yil 9 oylik faoliyati yakunlari boʻyicha matbuot anjumani oʻtkazildi. Bu haqda DXAAndijon viloyati boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Unda mamlakatimizda davlat xizmatlarini koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish boʻyicha keng miqyosda boshlangan ishlar doirasida boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Xususan, shahar va tumanlarda tashkil etilgan Davlat xizmatlari markazlari tomonidan 2018-yilning boshida jami 37 turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, hozirga kelib ularning soni 130 taga yetgani, 2020-yilga kelib xizmatlar sonini 160 taga yetkazish rejalashtirilayotganligi qayd etildi.

- Ayni paytda 17 ta shahar va tuman Davlat xizmatlari markazlari orqali aholiga 130 turga yaqin davlat xizmatlari koʻrsatilmoqda, - deydi DXA viloyat boshqarmasi boshligʻi Jamshid Rahmonov. - Joriy yilning 9 oyi davomida markazlar tomonidan qariyb 733 ming 268 ta xizmat koʻrsatilgan. Eʼtiborli jihati, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning 9 oyi davomida 199 ming 040 tani tashkil etgan. Tahlillar natijasi shuni koʻrsatmoqdaki, xizmat koʻrsatish koʻrsatkichi ikki yilda 3,6 barobarga ortgan.

Eng koʻp murojaatlar tadbirkorlik subyektlari roʻyxatdan oʻtkazish (17 860), bolalarni maktabgacha taʼlim muassasasiga qabul qilish boʻyicha ariza berish (83 110 ta), jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida hisobga qoʻyish (40 469), qurilishi tugallangan obyektni foydalanishga qabul qilish (17 813) boʻyichi kelib tushgan.

Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida olis joylarga chiqish orqali “Mobil davlat xizmatlari” yoʻlga qoʻyilganligi taʼkidlanib, shu kunga qadar viloyat boʻyicha jami 11 ming 963 tadan ortiq sayyor xizmatlar koʻrsatilganligi qayd etildi.

Amalga oshirilgan ishlarga qaramay, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida baʼzi qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilayotganligi ham aniqlanganligi bildirildi. 

- Oʻtgan davr mobaynida davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida jami 8 ming 861 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan, - deydi boshqarma boʻlim boshligʻi Sultonbek Isaqov. - Qonunbuzilish holatlarining 564 tasi hokimliklar, 108 tasi ichki ishlar idoralari, 914 tasi qurilish, 761 tasi soliq, 3 ming 492 tasi Yer resurslari va davlat kadastri, 217 tasi Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazlari, 30 tasi ijtimoiy taʼminot idoralari, 26 tasi taʼlim muassasalari, 4 tasi sogʻliqni saqlash muassasalari, 441 tasi “Uztransgaz” tizimi korxonalari, 1399 tasi “Oʻzbekenergo” tizimi korxonalari, 224 tasi boshqa kommunal xizmat koʻrsatuvchi idoralar va 502 tasi boshqa idoralar hisobiga toʻgʻri keladi. Ushbu holatlari yuzasidan tegishli mutasaddilarga 26 ta taqdimnoma kiritilgan. 146 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. 1 nafar xodim esa egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Matbuot anjumanida davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar oʻz mevasini berishni boshlagani, joriy yilda Jahon bankining “Doing business” yillik hisobotida Adliya vazirligi va Davlat xizmatlari agentligi masʼul boʻlgan “Biznesni roʻyxatdan oʻtkazish” koʻrsatkichi boʻyicha dunyoning 190ta davlatlari ichida 8-oʻrinni egallagani eʼtirof etildi.

Anjumanda ishtirok etgan Andijon viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Mirzohid Botirov davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berib, tizim samaradorligini oshirishda qanday muammolar vujudga kelayotgan boʻlsa, viloyat hokimligi ularni bartaraf etish uchun hamisha tayyorligini bildirdi.

Anjumanda mutasaddilar jurnalistlarning savollariga atroflicha javob qaytardi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер