Davlat dasturining 8 ta bandi ijrosi taʼminlangan
“Yuksalish” umummilliy harakatining maʼlum qilishicha, “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining 8 ta bandi ijrosi taʼminlangan. Shundan, 5 ta band muddatidan avval bajarilgan.
Shuningdek, fevral oyida bajarilishi lozim boʻlgan ayrim bandlar boʻyicha ijro muddatlariga amal qilinmagan.
Jumladan, 73-band yuzasidan Vodorod energetikasi texnologiyalari ilmiy-amaliy innovatsion markazini tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi oʻz vaqtida qabul qilish uchun kiritilmagan.
151-band boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslari, startap va gʻoyalarini yana-da qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilgan boʻlib, loyiha oʻz vaqtida qabul qilish uchun kiritilmagan.
184-bandda koʻzda tutilgan aholiga davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari bilan kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari bajarilmadi. Bunda, kafolatlangan paketga kiritiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalari roʻyxatini ishlab chiqish va tasdiqlash, Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida aholiga kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish nazarda tutilgan.
218-band boʻyicha Madaniy meros obyektlarining hisobini yuritish, saqlash va himoyasini taʼminlash boʻyicha dastur qabul qilinmagan.
Bugungi kungacha yuqoridagi toʻrtta band ijrosiga masʼul vazirlik, idoralar tomonidan ijro muddati kechiktirilgani yoki qoʻshimcha ishlanishi belgilangani haqida jamoatchilikka tushuntirish berilmadi.
“Qayd etish kerakki, Davlat dasturlari ijrosini monitoring qilish jarayonida ijro intizomiga oid qator kamchiliklar oʻtgan yillar mobaynida ham kuzatib kelindi. Davlat idoralarida ijro intizomi pastligi tanqid qilindi. Joriy yilning 10-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Davlat dasturi ijrosini samarali tashkil etish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida masʼul ijrochilar — Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlik va tarmoqlar rahbarlari, hokimlar va sektor boshliqlari zimmasiga tegishli har bir koʻrsatkichga erishish boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklatilishi taʼkidlandi”, deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, 2021-yil 18-yanvar kuni “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi. 3-fevral kuni Davlat dasturini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Prezident farmoni imzolandi.
Joriy yilgi Davlat dasturi 273 banddan iborat. Unda belgilangan chora-tadbirlarni bajarish uchun qariyb 30 trillion soʻm, 2 milliard 600 million AQSH dollari va 57 million yevrodan ziyod mablagʻ yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring