Dastlabki tergov: Qanday oʻzgarishlar kutilmoqda?

10:45 25 Noyabr 2020 Siyosat
1508 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari A.Xolmaxmatov qonun loyihasi boʻyicha qilgan maʼruzasida ayrim moddalarga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar haqida toʻxtalib oʻtdi. Unga koʻra, loyihada jinoyat ishining tergovga tegishliligi institutini yana-da takomillashtirish maqsadida Jinoyat-protsessual kodeksiga muhim oʻzgartishlar koʻzda tutilmoqda.

Sodda qilib aytganda, huquqni muhofaza etuvchi organlarning jinoyatlarni dastlabki tergovi borasidagi daxldorligi, ish yuritish vakolatlari toifalashtirish taklif etilyapti. Bu degani, fuqarolarning hayoti, jamiyat va davlatning manfaatlariga tajovuz qilish bilan bogʻliq hamda boshqa korrupsion va mansabdorlik jinoyatlar – prokuratura organlari tomonidan, fuqarolarning sogʻligʻi, mol-mulki, jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid soluvchi jinoyatlar – ichki ishlar organlari tomonidan, mamlakat konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi hamda boshqa manfaatlariga qarshi qaratilgan jinoyatlar davlat xavfsizlik xizmati organlari tomonidan dastlabki tergovga olinishi nazarda tutilmoqda.

Muhokamalarda Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan ayrim korrupsion va mansabdorlik jinoyatlari boʻyicha dastlabki tergovni prokuratura organlari vakolatiga oʻtkazish taklifiga alohida eʼtibor qaratildi. Sababi, qonun tashabbuskori taʼkidlanganidek, prokuratura organlarining tergov tarmoqlarida bu turdagi ishlarni tergov qilish boʻyicha koʻp yillik tajriba mavjud, tergovchilarda mansabdorlik jinoyatlarini fosh etish boʻyicha samarali bilim va koʻnikma shakllangan.

Deputatlarning fikricha, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartishlar qonunchilikdagi ayrim “boʻshliq”larni toʻldirish, amaliyotda ayrim turdagi jinoyat ishlari tergov qilinishida tergov organlari oʻrtasida kelib chiqayotgan sansalorliklarni bartaraf etishda muhim oʻrin tutadi.

Shuningdek, loyiha asosida Jinoyat-protsessual kodeksining 345-moddasi beshinchi qismiga Jinoyat kodeksining 1251, 2161, 2162-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar boʻyicha dastlabki tergovni ichki ishlar organlariga oʻtkazish boʻyicha oʻzgartish kiritishda jinoyatlarni fosh etishda ichki ishlar organlarining tezkor-qidiruv faoliyatining salohiyati, ularning bu boradagi kuch va imkoniyatlari yuqori ekanligi inobatga olingani qayd etildi.

Savol-javoblardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер