Dashtiobodda apelsin va mandarindan soʻng banan ham yetishtirilmoqda

15:34 24 Aprel 2020 Jamiyat
1688 0

Arxiv foto

Samarqand tumanida tomorqa yerida koʻchat yetishtiruvchilar koʻpchilikni tashkil qiladi. Har bir qarich yer va har daqiqaning qadriga yetadigan bu mirishkorlar yangilikka, yaratuvchanlikka intilib yashaydi. Jumladan, tumanning Dashtiobod mahallasida bir daraxtda ikki xil meva yetishtiradigan tomorqa yer egalari ham topiladi. Shulardan biri Ravshan Shamsiyev.

— 13 sotix tomorqamiz bor, — deydi R.Shamsiyev. — 6 sotixida uchta ixcham issiqxona tashkil qilganmiz. Ulardan birida 24 tup limon parvarish qilinmoqda, har bir tupidan 80-90 kilogrammgacha hosil olamiz. Bitta limon koʻchatiga mandarin va apelsin novdalari payvand qilingan. Bir daraxtning ikki shoxida ikki xil meva. Oʻtgan yili bir shoxdan 100 kilogramm mandarin oldik. Bu yil ikkinchi shoxdagi apelsin ham gulladi. Undan ham yaxshi hosil kutyapmiz. Bundan sakkiz yil avval otam issiqxonamizning bir chetiga sinov tariqasida banan koʻchatini ekkan edi. Oʻtgan yili nishona koʻrsatdi. Buning parvarishi biroz qiyinroq ekan, ammo mutaxassislar bilan maslahatlashib uddalashga harakat qilyapmiz. Banan koʻchatlarini ham koʻpaytirish niyatimiz bor.

Bu tomorqa egalari qishin-yozin mehnat qilib, aholi dasturxoniga sabzavot va koʻkatlarning eng sara navlarini yetkazib bermoqda.

Shu mahalladagi yana bir tomorqa egasi Muhiddin Shamsiyevdir. U hovlisining 4 sotixidagi 2 ta issiqxonada va yarim sotix ochiq yer maydonida 10 xildan ortiq gul parvarish qiladi. Qishin-yozin yashnab turadigan bu gulzorlardan yiliga 20 million soʻmgacha daromad olish mumkin ekan.

— Gulga mehrimiz boshqacha, — deydi M.Shamsiyev. — Hududlarni obodonlashtirish uchun zarur boʻlgan gul koʻchatlarini yarim sotix ochiq yerda parvarish qilamiz. Mahallamiz markazi, masjid va qabristonni koʻkalamzorlashtirish uchun necha tup gul koʻchat kerak boʻladigan boʻlsa bepul, beminnat yetkazib beramiz.

Maʼlumotlarga koʻra tumandagi 74 ta mahallada 40 mingdan ziyod tomorqa yer egalari bor. Ular 1 ming 139 gektar tomorqa maydonlaridan unumli foydalanib kelmoqda. Shu paytga qadar mavjud tomorqalarning 85 foiziga ertagi ekinlar ekib boʻlindi.

Abdulaziz Yoʻldoshev,

(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер