Daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesganlik yoki yoʻq qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilishi nazarda tutilmoqda

13:32 21 Noyabr 2023 Siyosat
238 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yoʻq qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik yoki shikastlantirganlik uchun maʼmuriy jazo choralari kuchaytirilib, bir-birini takrorlovchi normalar chiqarib tashlanmoqda.

Bundan tashqari, davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesgan yoki yoʻq qilgan shaxslarning qonunga xilof ravishda kesilgan daraxt va buta oʻrniga kompensatsiyaviy daraxt va buta koʻchatlarini aynan daraxt va buta kesilgan joyga ekish hamda ularni uch yil davomida parvarish qilish majburiyati belgilanmoqda. Daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesganlik yoki yoʻq qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilishi nazarda tutilmoqda.

Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi daraxtlar va butalarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yoʻq qilish bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklarning oldini olishga, bu borada jismoniy va yuridik shaxslarning masʼuliyatini oshirishga, sohada huquqni qoʻllashning yagona amaliyotini shakllantirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер