Daraxt eking — oʻrmonni asrang
Oʻrmonlar muhim ekotizim vazifasini bajaradi. Shu manoda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda Global Ekologik Jamgʻarmaning “Oʻzbekiston togʻ va vodiy hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida salmoqli ishlar amalga oshirilayetgani dikkatga sazovor. Loyihaning Milliy hamkori Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi hisoblanadi. Loyiha 2018-yildan buyon Sirdaryo, Pop, Kitob va Dehqonobod oʻrmon xoʻjaliklarida amalga oshirilmoqda. Bunda oʻrmon xoʻjaligini boshqarish va oʻrmon resurslaridan foydalanishning shunday usulini qoʻllash nazarda tutilmoqdaki, unga koʻra mahalliy aholiga oʻrmon mahsulotlaridan yanada kengroq foydalanish, oʻrmonlarni boshqarishda bevosita ishtirok etish, oʻrmon hosildorligini va shu bilan birga, ularning ekologik funksiyasi, estetikasi va rekreatsion qimmatini, biologik va landshaft xilma-xilligini saqlab qolishga imkoni beriladi.
— Loyihamiz 4 yildan buyon Oʻzbekiston oʻrmon xoʻjaligidagi asosiy muammolarga jiddiy eʼtibor qaratib kelmoqda. Har yili FAOning xalqaro va milliy ekspertlari qishloq aholisining salohiyatini oshirish maqsadida oʻquv seminarlari oʻtkazadilar, ularga bogʻ va daraxtzorlarni rivojlantirish, dorivor va qishloq xoʻjalik ekinlarini yetishtirish boʻyicha ilmiy tavsiyalar beriladi”, — deydi loyihaning texnik koordinatori Olimjon Kahhorov.
2021-yil dekabr oyida FAO koʻmagida Dehqonobod oʻrmon xoʻjaligida deyarli 13 gektar maydonda oʻtinbop daraxt plantatsiyalari, togʻ terrasalari va urugʻ va nihol qalamchalari oʻstiriladigan niholxonalardan iborat loyihaning koʻrgazmali uchastkalari tashkil etildi. Buning uchun FAO tomonidan 16 ming donadan ortiq koʻchat, 5 ming dona qalamcha va 880 kilogramm urugʻ xarid qilindi. Bu maydonda tomchilatib sugʻorish ishlari ham olib borildi. Ushbu maydonlar oʻrmon xoʻjaligi, innovatsiyalar va gender muvozanatli barqaror oʻrmon boshqaruvidagi ilgʻor tajribalarning namunasi boʻlib xizmat qiladi. Shu kunlarda “Ekish materiallari: loyiha maydonlari uchun urugʻlar, koʻchatlar va qalamchalar” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi va unda 100 dan ortiq loyiha benefitsiarlari ishtirok etdi. Seminar doirasida FAO tomonidan mahalliy aholiga oʻz tomorqalarida yashil maydonlar yaratish uchun 4 ming tupdan ortiq koʻchatlar topshirildi.
Loyiha doirasida faqat oʻtgan yilning oʻzida jami 1220 gektar maydonda oʻrmon plantatsiyalari yaratilib, toʻrtta tajriba uchastkasiga 265 mingdan ortiq koʻchat ekildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring