Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen Kopengagen markaziy koʻchalaridan birida nomaʼlum erkak hujumiga uchradi. Bu haqda “EuroNews” mahalliy OAVlariga tayanib xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, Frederiksenga hujum qilgan shaxs darhol politsiya tomonidan hibsga olingan, biroq voqea bosh vazirni shok holatga tushirib qoʻygani aytilmoqda.
“Aytishim kerakki, bu Mettega yaqin boʻlgan barchamizni larzaga soladi. Bizning goʻzal, xavfsiz va erkin deb oʻylagan mamlakatimizda bunday narsa sodir boʻlmasligi kerak”, deydi mamlakat Atrof-muhit vaziri Magnus Heunikke oʻzining X sahifasida.
Qoʻshimcha qilinishicha, Frederiksen hozirgi holati yaxshi, lekin u sodir boʻlgan voqeadan oʻz tashvish va xavotirini bildirgan.
Aytish joiz, Yevropada siyosiy yetakchilarga boʻlgan hujumlar tobora koʻpayib bormoqda. Oʻtgan oy Slovakiya bosh vaziri mamlakatning markaziy qismidagi Handlova shahrida suiqasddan omon qolgan edi.
Bundan tashqari, may oyi oxirida Germaniyaning Manxaym shahrida Pax Europa harakatidan siyosatchi Mixael Shtyursenberger pichoqlab ketildi. Bir necha kundan soʻng xuddi shu joyda oʻng qanot populist “Germaniya uchun muqobil” (GuM) partiyasidan jamoatchilik kengashi rahbari lavozimiga nomzod Xaynrix Koxga pichoq bilan hujum qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring