Daniel Rozenblyum: AQSH – Oʻzbekiston aloqalari hech qachon bugungidek mustahkam boʻlmagan
Amerika Qoʻshma Shtatlarining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniel Rozenblyum “Dunyo” axborot agentligi muxbiriga mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi oldidan intervyu berdi.
Suhbatda elchi Oʻzbekiston – Amerika ikki tomonlama hamkorligining bugungi yutuqlarini qayd etib, xalqimizni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.
– COVID-19ga qaramay, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ikki va koʻp tomonlama munosabatlar faol qoʻllab-quvvatlanmoqda va rivojlanmoqda. Bu aniq natijalar va yutuqlarda namoyon boʻlmoqda. Oʻzbekiston mustaqilligining 29 yilligi arafasida oʻzaro aloqalarimizdagi yutuqlar, shuningdek, hamkorlikni yana-da rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari va istiqbollari yuzasidan suhbatlashsak.
– Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar hech qachon bugungidek mustahkam boʻlmagan. Amerika Qoʻshma Shtatlari 29 yil oldin Oʻzbekiston mustaqilligini tan olgan birinchi davlatlardan biri hisoblanadi. Bizning respublika mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga boʻlgan sadoqatimiz doimo oʻzgarmasdir.
Munosabatlarimiz Markaziy Osiyoda tinchlik, farovonlik va xavfsizlikka boʻlgan umumiy majburiyat asosida qurilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning soʻnggi toʻrt yilda amalga oshirgan keng qamrovli islohotlari taʼlim va sogʻliqni saqlashdan iqtisodiy taraqqiyot, qishloq xoʻjaligi va xavfsizlikka qadar turli sohalarda hamkorlik qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.
Davlat kotibi Maykl Pompeo shu yilning fevral oyida Toshkentga tashrifi chogʻida taʼkidlaganidek, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish yoʻlidagi hamkorligimiz alohida ahamiyatga ega. Men oʻzaro munosabatlarimiz barcha sohalarda yana-da rivojlanishiga ishonaman.
– Oʻzbekiston va AQSH ikki qitʼada joylashgan. Shu bilan birga, ikki mamlakat koʻp tomonlama munosabatlarga alohida ahamiyat qaratadi. AQSH Oʻzbekistonning zamonaviy taraqqiyotini, islohotlar jarayonlari va siyosiy, iqtisodiy, madaniy hamda gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini qanday koʻrayotgani haqida fikr bildirsangiz.
– Oʻzbekiston har bir sohani isloh qilishda olgʻa siljib borar ekan, bizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar sohalardagi hamkorlik imkoniyatlarimiz tobora kengayib boraveradi. Soʻnggi toʻrt yilda Oʻzbekiston iqtisodiy oʻzgarishlarda, ayniqsa biznes yuritishni soddalashtirish va investitsiya kiritish uchun qulay muhit yaratish bilan bogʻliq muhim yutuqlarga erishdi. Taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa ijtimoiy sohalardagi islohotlar ham oldinga siljidi.
Shuningdek, inson huquqlarini taʼminlash, majburiy mehnatga barham berish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, matbuot erkinligi va din erkinligini taʼminlash boʻyicha islohotlarda sezilarli yutuqlarga erishildi. Biz erishilgan yutuqlarni olqishlaymiz va shu bilan birga, hukumat aʼzolari bilan oʻz tahlillarimiz bilan boʻlishib borishga tayyormiz.
Shuni taʼkidlash kerak, biz islohotlarni qoʻllab-quvvatlab, Oʻzbekistonga taʼlim, qonun ustuvorligi, iqtisodiy rivojlanish va xavfsizlik sohalarida texnik yordamni sezilarli darajada koʻpaytirdik. Hozirgi kunda Oʻzbekiston AQSHning Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng katta yordam oluvchi mamlakati hisoblanadi.
Biz, ayniqsa, savdo-iqtisodiy aloqalarimizni rivojlantirishdan manfaatdormiz. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro mahsulot ayirboshlash hajmi 2019-yil 65 foizga oʻsdi. Xususiylashtirishni tartibga solishni isloh qilish va qonun ustuvorligiga asoslangan barqaror ishbilarmonlik muhitini yaratish borasidagi keyingi vazifalar ish oʻrinlari va boshqa iqtisodiy imkoniyatlarni yaratish orqali Oʻzbekistonni amerikalik sarmoyadorlar uchun yana-da jozibador qilishi mumkin.
— Oʻzbekiston boy tarix, madaniyat va sayyohlik salohiyatiga ega kuchli mamlakat sifatida AQSHda yana-da kengroq tan olinishi uchun nima qilish kerak?
— Ishonchim komilki, pandemiya tugaganidan soʻng odamlar odatdagidek sayohat qilishni boshlaydi. Birinchi navbatda, koʻproq amerikaliklar yana Oʻzbekistonga tashrif buyurishdan manfaatdor boʻlishadi. Pandemiyadan avval Oʻzbekiston ajoyib sayohat yoʻnalishi sifatida Amerika ommaviy axborot vositalarida katta eʼtibor qozongan edi.
Turistik yarmarkalar va televizion reklama orqali mamlakatni targʻib qilish ushbu qiziqishni yana-da oshirishda juda muhim. Ammo sayohat sohadagi toʻsiqlarni yana-da kamaytirish ham kerak. AQSH fuqarolari uchun vizasiz sayohat qilish Oʻzbekiston amerikalik sayyohlar uchun ochiq ekanligidan dalolatdir.
— Yaqinda Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha “C5+1” uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Ushbu hamkorlik istiqbollari va Oʻzbekistonning mintaqada yangi siyosiy muhit yaratishga qaratilgan saʼy-harakatlari haqidagi fikrlaringiz bilan boʻlishsangiz.
— Prezident Shavkat Mirziyoyevning qoʻshni mamlakatlar bilan munosabatlarda ustuvor yoʻnaltirilgan siyosati mintaqadagi siyosiy muhitni – ishonchsizlikdan hamkorlikka qadar tubdan oʻzgartirdi.
Markaziy Osiyoning barcha xalqlariga foyda keltirgan ushbu oʻzgarishlarning ahamiyatini esdan chiqarmaslik kerak.
Besh yil oldin Samarqandda “C5+1” platformasini yaratishdan maqsadimiz, xavfsizlik, iqtisodiyot va atrof-muhit sohalarida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga yordam berish edi. Ushbu muammolarning barchasida transchegaraviy unsurlar mavjud va bu muammolarni birgalikda hal qilish orqali biz mintaqadagi barcha davlatlarni yana-da xavfsiz va farovon qilish imkoniyatini koʻrmoqdamiz.
Birgina oʻtgan yilning oʻzida “C5+1” platformasi doirasida uchta yuqori darajadagi uchrashuv, jumladan ikki marotaba vazirlar uchrashuvi oʻtkazildi, ulardan biri Toshkentda boʻlib oʻtdi. Ishchi guruhlar har bir sohada aniq loyihalarni ilgari surish uchun vazirlar darajasidagi uchrashuvlar oraligʻida oʻzaro hamkorlik qilyapti.
“C5+1” faolligining yuqori darajasi Amerika Qoʻshma Shtatlari va Markaziy Osiyo davlatlarining ushbu platformaga ajratayotgan ahamiyatida aks etadi.
Biz “C5+1” doirasida iqtisodiy va savdo aloqalarini kengaytirish, ekologik muammolarni bartaraf etish hamda xavfsizlikka tahdidlarni birgalikda hal etishda qoʻshayotgan muhim hissamiz bilan faxrlanamiz. Oʻylaymanki, mintaqadagi siyosiy iqlimning yaxshilanishi kelgusida oldinga siljishga imkon beradi.
— Mamlakatimiz bilan yaqindan tanish inson sifatida qanday jihatlar sizda alohida taassurot uygʻotadi.
— Albatta, qadimgi Ipak yoʻlining ajoyib manzaralari va boy madaniy merosi meni hayratga soladi va quvontiradi. Ammo goʻzal mamlakatingiz boʻylab sayohat qilar ekanman, meni hammasidan ham koʻproq insonlarning mehmondoʻstligi va iliq munosabati hayratga soldi, deyishni istardim.
Mamlakatingiz boʻylab sayohatlarimni davom ettirishni xohlayman.
— Mustaqillik kuni munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga bayram tilaklaringiz.
— Fursatdan foydalanib Amerika xalqi nomidan Oʻzbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 29 yilligi bilan qutlayman!
Oʻzbekiston oʻzining keng qamrovli islohotlar yoʻlini tutib, soʻnggi yillarda yana-da koʻproq yutuqlarga erishmoqda. Aholi farovonligini oshirish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish borasidagi islohotlar shular jumlasidandir.
Yanada yaxshiroq kelajakni qurish yoʻlidagi intilishlar yoʻlida Amerika Qoʻshma Shtatlari va Amerika xalqining qoʻllab-quvvatlashiga hamda doʻstligiga suyanishingiz mumkin.
Mustaqillik kuni muborak boʻlsin!
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring