Daxldorlik va oʻzaro ishonch tuygʻusi

21:29 09 May 2022 Jamiyat
1398 0

Foto: Халқ сўзи

Mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida murojaatlar bilan ishlashning tezkor va samarali tizimi yaratilib, ushbu jarayonda “Inson qadri uchun” tamoyilini roʻyobga chiqarish asosiy mezon sifatida belgilandi. Buning samarasi sifatida hududlarda oʻtkazilayotgan ommaviy sayyor qabullarda har bir masala va muammo ijobiy hal etilishiga erishilyapti. Jamiyatda qonun ustuvorligi, hamyurtlarimizning huquqiy madaniyati yuksalib borishi hamda islohotlar jarayonidagi faolligi taʼminlanyapti. Bir soʻz bilan aytganda, yurtimizda hech bir oila va inson davlatimiz eʼtibori, gʻamxoʻrligidan chetda emasligini namoyon etuvchi bunday saʼy-harakatlar jamiyatda oʻzaro ishonch, masʼuliyat va daxldorlik tuygʻusini shakllantirishga zamin yaratayotir.

Xuddi shunday, ayni kunlarda Fargʻona viloyati shahar va tumanlarida ham ommaviy sayyor qabullar oʻtkazilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad fuqarolar muammolari bilan samarali ishlash, yechimini kutayotgan masalalarni “mahallabay” oʻrgangan holda joyida va tezkor hal etish, aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan.

Fargʻona viloyati hududlari boʻylab Prezident maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenov boshchiligida Sudyalar Oliy kengashi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, Sogʻliqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash, Favqulodda vaziyatlar, Qurilish, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, Xalq taʼlimi vazirliklari, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi, Markaziy bank, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi kabi yigirmadan ortiq vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat sektorlari, boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari murojaatchilar bilan yuzma-yuz muloqotda boʻlmoqda.

Bu muloqotlarda ayrim tashkilotlarning fuqarolarga nisbatan nooʻrin xatti-harakatlari ham aniqlandi. Jumladan, Qoʻqon shahrida yashovchi Dilrabo Mamajonova 2019-yili 110 mln. soʻm miqdoridagi bank kreditiga garov sifatida oʻz yashash uyini qoʻygan. Toʻlovlar jarayonida kechikish boʻlganligi sababli 60 mln. soʻm qarzdorlik mavjud deya (aslida 33 mln. soʻm qarz boʻlgan, xolos) Majburiy ijro byurosi xodimlari uyni auksion sotuviga qoʻyib yuborgan. U bir necha bor Fargʻona viloyat prokuraturasi va sud idoralariga murojaat qilgan, lekin masala ijobiy hal etilmagan. Ommaviy sayyor qabul D. Mamajonovaning qalbiga, oilasiga qaysidir maʼnoda xotirjamlikni qaytardi.

Furqat tumanida istiqomat qiluvchi Ahror Ahmedovga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi belgilangan. Sayyor qabulda u muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish masalasida murojaat qildi. Sayyor sud majlisida uning murojaati atroflicha koʻrib chiqilib, qanoatlantirildi.

Bagʻdod, Buvayda, Rishton, Uchkoʻprik va Soʻx tumani fuqarolari uchun Bagʻdod tumanidagi Nuroniylar bogʻida oʻtkazilgan ommaviy qabulda 685 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning 43,6 foizi – 299 tasi shu yerning oʻzida hal etildi.

Oʻrganishlar shuni koʻrsatadiki, murojaatlarning aksariyat qismi sud qaroridan norozilik, qonunlar ijrosi, prokuratura, ichki ishlar, bank tizimi bilan bogʻliq boʻlib, bunday ommaviy sayyor qabullar oddiy odamlarning bu borada uzoq yillik sarsongarchiliklari barham topishida muhim oʻrin tutmoqda.

Har yili bahor mavsumida Soʻx daryosi qirgʻoqlari yemirilib, qishloq xoʻjaligiga katta zarar yetadi. Bu muammoni hal etish 15 ming aholining turmush farovonligini yaxshilash imkonini beradi. Ommaviy qabulda bir guruh soʻxliklarning ushbu masala boʻyicha murojaati oʻrganilib, davlat dasturiga kiritish orqali muammoni bartaraf etishga kelishib olindi.

Qoʻshtepa tumanida joylashgan 1-IDUMda davom etgan navbatdagi qabulda Qoʻshtepa, Yozyovon, Oltiariq, Toshloq, Quva tumani va Margʻilon shahridan kelgan fuqarolarning murojaatlari tinglandi.

— Farzandimni davolatish maqsadida unga va oʻzimga xorijga chiqish biometrik pasporti olish boʻyicha murojaatim tezkorlik bilan hal qilindi, — deydi Yozyovon tumanidan Mastura Oʻrinboyeva. — Murojaatim tegishli idora vakillari ishtirokida muhokama qilindi va shu kuni biometrik pasportlarimiz taqdim etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fargʻona viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Abduhoshim Abdullayevning qayd etishicha, joriy yilning toʻrt oyi davomida shahar-tuman Xalq qabulxonalariga qariyb 42 mingta murojaat boʻlgan. 44 mingta masalani qamrab olgan mazkur murojaatlarning 28 ming 576 tasi (75,8 foizi) ijobiy yechimini topgan.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер