COVID-19 pandemiyasidan keyin iqtisodiyotini tiklab oladigan dastlabki 5 ta davlat qaysi boʻladi?
Yevropalik ekspertlar hozirdanoq koronavirus ofati yakunlangandan soʻng qaysi davlatlar iqtisodiy tanazzuldan birinchi boʻlib chiqib ketishini prognoz qilishni boshlab yubordilar, deb yozadi BBC.
Xususan, joriy haftada Avstriya hukumati Yevropada birinchi boʻlib koronavirus bilan bogʻliq cheklov choralarini bosqichma-bosqich bekor qilish rejalarini ilgari surdi. Biroq uning ketidan yana qaysi mamlakatlar borishi hozircha maʼlum emas. Nima boʻlganda ham, odatiy hayotga qaytish oson kechmaydi.
Keling, shu oʻrinda 2019-yilgi “Iqtisodiy xavfsizlik indeksi”dagi eng barqaror iqtisodiyotga ega boʻlgan yetakchi 10 davlatni koʻrsatib oʻtsak.
Bular Norvegiya, Daniya, Shveysariya, Germaniya, Finlyandiya, Shvetsiya, Lyuksemburg, Avstriya, AQSH(markaziy shtatlar), Buyuk Britaniyadir.
Qayd etish joiz, ushbu indeks Amerikaning FM Global sugʻurta kompaniyasi tomonidan tuzilgan.
Mazkur roʻyxat 130 ta davlatdagi ishbilarmonlik iqlimi barqarorligi va ularni qayta tiklanish qobiliyati asosida tuzib kelinadi.
Bunda mamlakatlardagi siyosiy barqarorlik, korporativ boshqaruv tizimi muvaffaqiyatlari, xatarlarning paydo boʻlishi sharoitlari, savdo zanjirchalari uchun logistik mexanizmlarning yaratilgani, biznes muhit shaffofligi kabi omillar inobatga olinadi.
U yoki bu davlatning pandemiyaga nisbatan dastlabki reaksiyasini solishtirgan ekspertlar ulardan qaysilari inqiroz paytidan keyin iqtisodiyotini eng tez tiklaydigan beshtasini aniqlashdi. Quyida shular bilan tanishtirib oʻtamiz.
Daniya
Bu davlat “Indeks”da ikkinchi oʻrinni egallagan. U taʼminot tizimidagi nazorat boʻyicha yuqori bahoga egaligi hamda boshqaruv organlarida korrupsiya darajasi juda past ekanligi bilan ajralib turadi.
Inqiroz boshlanishi bilan mamlakat qatʼiy choralar koʻrdi, tezda ijtimoiy masofa tizimini joriy etdi, garchi koronavirusni yuqtirish bilan bogʻliq sanoqli holatlar qayd etilgan boʻlsa-da, 11-martdan maktablar va ikkinchi darajali xususiy korxonalar, 14-martdan esa chegaralarni yopdi.
“Avvaliga bunga ishonchsizlik bilan qaradim, biroq keyin koʻplab davlatlar aynan shu yoʻldan borganini koʻrdim va endi hukumatimiz toʻgʻri qilgan deb oʻylayapman”, — dedi Kopengagendagi Pissup sayyohlik agentligi boshqaruvchi hamkori Rasmus Kristiansen.
Daniyaliklar hamisha oʻz hukumatiga ishonib kelgan va xalq manfaatlari yoʻlida doim birlashishga tayyordir. Aynan shu jihat qabul qilingan choralar samaradorligini oshirdi.
“Bugun Daniya OAV va ijtimoiy tarmoqlarida samfundssind soʻzi(uni “fuqarolik tuygʻusi” yoki “fuqarolik burchi” deb tarjima qilish mumkin) urfdagi yangi soʻzga aylandi va koʻpchilik daniyaliklar jamiyat oldida oʻzlarini maʼnan masʼul deb bilishadi. Bu esa butun jamiyat salomatligi uchun nimanidir qurbon qilishni anglatadi”, — deydi Kristiansen.
Singapur
Singapur iqtisodiy xavfsizlik boʻyicha reytingda 21-pogʻonada joylashgan. Bu kuchli iqtisodiyot, past darajadagi siyosiy xatarlar, yaxshi infratuzilma va korrupsiya koʻrsatkichlarining juda kamligi sharofatidandir.
Mazkur davlat ham koronaviurs tarqalishini ushlab qolish uchun tezkorlik bilan choralar qabul qildi. Bu yerda infeksiyaga yoʻliqqanlar soni ham u qadar koʻp emas.
“Biz oʻz hukumatimizga ishonamiz, uning inqiroz paytidagi har bir qadami shaffofdir. Qoidaga koʻra, hukumat qandaydir chorani joriy qilsa, biz unga rioya etamiz”, — dedi mahalliy aholi vakili, Konigle kompaniyasi tahlilchisi Konstans Tan.
Biroq oʻzini-oʻzi izolyatsiya qilish qoidalarini buzayotganlar ham onda-sonda uchrab turibdi. Bunday shaxslardan pasporti va ish ruxsatnomasi olib qoʻyilmoqda.
“Ammo, umuman olganda, bir tanu jon boʻlib mehnat qilyapmiz, jamiyatda qandaydir norozilik namoyishi roʻy berishidan yoki odamlar koʻchada oʻlib ketishidan yo iqtisodiyotda beqarorlik roʻy berishidan xavotirga tushishimizga esa asos yoʻq”, — deydi Tan.
Singapurdek kichik davlatning ham inqirozdan chiqishi dunyo iqtisodiyoti sogʻlomlashishiga bogʻliq. Shunga qaramay, uning aholisi oʻz xalqining baxtli kelajagiga ishonmoqda.
Koʻplab kompaniyalar esa xodimlarini masofadan ishlashga oʻtkazib, yangi sharoitlarga tezda moslashdi. Hukumat tomonidan esa Trace Together mobil ilovasi ishga tushirildi. Uning yordamida koronavirus tarqalishini kuzatib borish mumkin. Ushbu dasturni koʻplab singapurliklar oʻz smartfonlariga yuklab olishgan.
AQSH
Mazkur davlatning keng geografik koʻlamini aniq ifodalash uchun uning hududi “Indeks”da uch qismga boʻlingan — gʻarbiy, markaziy va sharqiy mintaqalar. Bularning barchasi roʻyxatda yuqori pozitsiyalar(9, 11 va 22-oʻrin)ni egallagan.
Maʼlumki, Nyu-York kabi megapolislarda koronavirus infeksiyasi tarqalishini toʻxtatish juda ogʻir kechyapti. Ishsizlik darajasi rekord darajaga yetdi(mart oxirida 6,6 mln. kishi). Bu shtatlarning yarmidan koʻpi restoranlari, savdo korxonalari, koʻchadan kiradigan mijozlar bilan ishlaydigan boshqa biznes tarmoqlariga qoʻshilib yopilgani bilan bogʻliq, albatta.
Lekin AQSH hukumati iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni tezda qabul qildi. Xususan, buning uchun 2 trln. dollarlik yordam paketi yoʻnaltirildi. Ijtimoiy masofani saqlash joriy etilgani ham oʻz samarasini berdi. Yakunda bu pandemiya oqibatlarini yumshatishi va normal iqtisodiy hayotni tezda tiklab olishga xizmat qilishi kerak, deb hisoblashmoqda amerikalik ayrim ekspertlar.
Goldman Sachs va Morgan Stanley ekspertlari esa iqtisodiyotda vaziyat V shaklida rivojlanib, u yilning ikkinchi yarmiga kelib juda qisqa vaqtda oyoqqa turishi kuzatilishini bashorat qilishyapti.
AQSH iqtisodiyoti holati dunyoning boshqa mamlakatlari uchun ham muhimdir. Zero, u dunyo YAIMning qariyb toʻrtdan bir qismini tashkil etadi. Binobarin, dunyo iqtisodiyoti tiklanishi AQSH bu ishni qanday uddalashi bilan ham chambarchas bogʻliqdir.
“Umuman aytganda, AQSH iqtisodiyoti boshqa davlatlar iqtisodiyoti bilan solishtirganda jiddiy inqirozdan keyin qayta tiklanish borasida yaxshi holatda turibdi. Uning aholisi oʻrtacha olganda dunyoning boshqa hududlariga nisbatan yosh va gʻayratga toʻla, mehnat bozoridagi cheklovlar esa uncha katta emas. Bu esa ishchi kuchlarini tezda qayta taqsimlash imkonini beradi”, — deydi AQSHdagi Notr-Dam xususiy universiteti iqtisodiyot professori Erik Sims.
AQSH prezidenti maʼmuriyati xalqini normal hayotga qaytarishni tezlashtirish maqsadida mamlakatni virusdan kam zarar koʻrgan hamda iqtisodiy faollikni tez tiklashga qodir hududlarga boʻlib chiqishni taklif etdi.
“Mazkur chora-tadbirlar kuchli yuksalish uchun zarur sharoitlar yaratishda katta ahamiyat kasb etadi. Biz uchun pullar, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va gʻoyalar nafaqat mamlakat ichida, balki butun dunyo boʻylab iloji boricha erkinroq harakatlanishi kerak”, — deya taʼkidladi Amerika iqtisodiy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi Piter Erl.
Ruanda
Yaqinda korporativ boshqaruv tizimidagi taraqqiyot sharofati bilan Ruanda soʻnggi yillarda “Indeks”dagi oʻrnini yaxshilab oldi. U bu borada birdaniga 35 pogʻona yuqoriga sakrab, 77-pogʻonani egalladi. Afrika davlatlari orasida bu 4-koʻrsatkichdir.
Biroq eng muhimi Ruanda shu kabi va hatto bundan ham koʻra xavfliroq viruslarga qarshi kurashish boʻyicha tajribaga ega. Shuning uchun ham mazkur mamlakat 2019-yilda oʻz hududida Ebola virusi tarqalishining oldini ololgan. Oʻshanda ushbu infeksiya unga qoʻshni boʻlgan Kongo Demokratik Respublikasida avjiga chiqqandi
Xalq sogʻligʻini saqlash, chegara oʻtish joylarida haroratni oʻlchash vositalarining oʻrnatilgani, dorilarni olib kelishda dronlardan foydalanish kabi jihatlar Ruandani bu kabi inqirozlarga yaxshi tayyorgarlik koʻrganini anglatadi. Bu esa unga qoʻshnilariga nisbatan pandemiya paytida barqarorlikni saqlab qolish imkonini beradi.
“Koʻplab xorijlik talabalar qatori men ham bu yerda qoldim. Chunki Ruanda hukumati oʻz mamlakatimizga nisbatan vaziyatni yaxshiroq bartaraf eta olishiga ishonamiz”, — deydi asli keniyalik boʻlgan, Kigalidagi Afrika boshqaruv universitetida tahsil olayotgan va ayni paytda Baobab Consulting raqamli kontenti egasi Garnett Achiyeng.
Afrikaning Sahroi Kabirdan janubda joylashgan mamlakatlari orasida Ruanda toʻliq karantin joriy etgan birinchi davlatga aylandi. Bu yerda aholining izolyatsiyaga olingan yordamga muhtoj qatlamlari uchun bepul taom tarqatiladi.
Garchand turizm sohasi jiddiy zarar koʻrayotgan boʻlsa-da(Ruanda xalqaro konferensiyalar va koʻrgazmalar oʻtkaziladigan mashhur joy hamdir), Garnett Achiyeng mamlakat virusdan kamroq aziyat chekishi, bu esa unga normal hayotga tezroq qaytishi uchun yordam berishiga umid bildirdi.
Yangi Zelandiya
Mazkur mamlakat reytingda 12-oʻrinda. Bu u yerda korporativ boshqaruv va taʼminot sohasidagi yuqori natijalar bilan bogʻliq.
Davlat hukumati pandemiyaga tezkorlik bilan munosabat bildirib, 19-martdan chet ellik sayyohlar uchun sarhadlarini yopdi, 25-martdan esa xoʻjalik faoliyatining ikkinchi darajali korxonalari faoliyatini ham toʻxtatdi.
“Bizga orol davlat sifatida infeksiya kirib keladigan chegaralarimizni nazorat qilish nisbatan osonroqdir. Boz ustiga, chegaralarimiz oʻz vaqtida yopildi. Oʻz navbatida boshqa mamlakatlarga nisbatan Yangi Zelandiyaning reaksiyasi mardonavor va qatʼiy boʻldi”, — dedi Oklend shahrida yashovchi, Sense Partners konsalting kompaniyasi iqtisodiyotchisi Shamubil Ikub.
Va mazkur jiddiy choralar oʻz samaralarini beryapti: agar ularga kelayotgan bir necha hafta davomida rioya etib borilsa, virus bilan kasallanish holatlari toʻliq yoʻq qilinadi va u normal hayotga birinchilardan boʻlib qaytgan mamlakatga aylanadi, deb yozadi The Guardian.
Biroq turizm Yangi Zelandiya iqtisodiyotining asosiy tarkibiy qismi ekanligi inobatga olinsa, ushbu davlat maʼlum qiyinchiliklarga duch keladi.
Lekin umuman olganda, unda iqtisodiyotini qayta barqaror oyoqqa turgʻazish uchun yaxshi imkoniyatlar mavjud. Zero, davlat qarzlari kam, iqtisodiyotni pul massasi bilan toʻyintirish va shu vaqtning oʻzida foiz stavkalarini ushlab turish salohiyati saqlanib qolgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring