“Coca-Cola” Oʻzbekistonga 31 million dollar investitsiya kiritmoqchi
Hasan Paydoyev("Xalq so'zi")
“Oʻzbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tarkibidagi “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd.” kompaniyasining mamlakatimiz salqin ichimliklar bozoridagi ulushi 2019-yilda 25 foiz, shirin gazlangan ichimliklar bozoridagi ulushi 50 foizdan yuqori boʻldi. Xususan, kompaniyada salqin ichimliklar ishlab chiqarish hajmi 2018-yilda 38 foizga, 2019-yilda 33 foizga oshdi. Bu haqda “Oʻzbekoziqovqatxolding” kompaniyasi Axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu oʻsish koʻrsatkichlari “The Coca-Cola Company” kompaniyasi tomonidan dunyo miqyosidagi eng yuqori natija sifatida eʼtirof etildi.
Kompaniya 2019-yilda jahonning yetakchi xorijiy tadqiqotchi kompaniyasi bilan hamkorlikda mamlakatimizning salqin ichimliklar bozorida oʻrganishlar olib bordi. Unga koʻra, kelgusi 10 yillikda aholi sonining oʻsishi, daromadlarning oshishi hamda hududlarning turistik salohiyati kengayib borishi hisobiga salqin ichimliklar sotish bozori xajmi 1,8 barobarga koʻpayishi kutilmoqda.
“Shularni inobatga olib, kompaniya 2020-2021-yillarda 31 million AQSH dollar miqdorida investitsiya kiritishni rejalashtirgan. Bular Xorazm viloyati va Toshkent shahridagi zavodlar modernizatsiyasi, mavjud quvvatlarni koʻpaytirishni nazarda tutadi.
Mazkur loyihalar hududlarda aholi bandligi darajasini oshirishga, ishlab chiqarilayotgan keng turdagi mahsulotlarni yetkazib berish boʻyicha logistika xarajatlarni iqtisod qilishga, mamlakatimizning janubiy va gʻarbiy hududlari aholisini salqin ichimliklar bilan yana-da kengroq taʼminlashga, ishlab chiqarish zavodlari joylashgan hududlarda soliq tushumlarini koʻpayishiga imkon yaratadi.
Shu kabi istiqbolli koʻrsatkichlar, xususan, mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni ragʻbatlantirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar “The Coca-Cola Company”ning Oʻzbekiston bozoriga qiziqishini yana-da kuchaytirmoqda“ deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring