Chustlik jajji mentalchilar Ozarbayjonga boradi

18:12 05 Fevral 2024 Jamiyat
446 0

Yoshlarning mantiqiy, ijodiy fikrlash, fotografik xotirasini rivojlantirish va matematika faniga qiziqishini oshirish maqsadlariga qaratilgan mental arifmetika endilikda aksar maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim maktablarining boshlangʻich sinflarini qamrab oldi.

Mutaxassislar fikriga koʻra, 5 dan 13 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan bu dastur inson bosh miyasining har ikki yarim sharini birdek rivojlantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, uni egallagan oʻgʻil-qizlar qoʻshish, ayirish, koʻpaytirish va boʻlish kabi amallarni osonlikcha bajara oladi.

Chust tumanidagi 75-umumtaʼlim maktabida ham mental arifmetikaga qiziquvchi bolalar soni yildan yilga oshmoqda. Ularning koʻpchiligi tumanda tashkil etilgan “Lider kids” oʻquv markazida bu boradagi bilim va salohiyatlarini chuqurlashtirishadi. Kuni kecha respublikamizning Navoiy shahrida oʻtkazilgan “Asian Cup — 2024» musobaqasi natijalari bilan Namangan viloyatiga doir xabarlar yana bittaga yangilandi.

Unga koʻra, Chustlik jajji mentalchilar — 75-umumtaʼlim maktabining 1-sinf oʻquvchilari Abdulaziz Zokirov, Ibrohimjon Musayev, Saidjalolxon Rashidov, Muhammadaziz Abdugʻaniyevlarga musobaqaning oliy, 4-sinf oʻquvchisi Behruzbek Nabiyevga esa faxrli 3-oʻrin nasib etdi.

— Gʻolib oʻquvchilarimiz shu yilning 14 va 15-mart kunlari Ozarbayjon respublikasining Baku shahrida oʻtkaziladigan Xalqaro musobaqada qatnashish huquqini qoʻlga kiritishdi, — deydi toʻgarak rahbari Margʻuba Muxtorova. — Ular navbatdagi nufuzli bellashuvda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishlari uchun hozirlikni boshlab yubordik.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер