Chortoqdagi maktab bir milliard soʻmdan ortiq daromad topdi
Foto: Xalq so‘zi
Maktabdan tashqari ishlar, jumladan, turli toʻgarak va kurslarni keng yoʻlga qoʻyish orqali ishlab topilayotgan qoʻshimcha daromad taʼlim dargohlari moliyaviy imkoniyatlarini kengaytiradi. Buni Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi 53- davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabi misolida ham koʻrish mumkin. Bu yerda pullik taʼlim tizimini amaliyotda qoʻllash borasida nafaqat tuman, balki butun viloyatda namunali va ibratga loyiq faoliyat olib borilmoqda. Bilim maskanida aniq va tabiiy, ijtimoiy fanlar yoʻnalishida, shuningdek, maktabdan tashqari robototexnika va dasturlash boʻyicha oʻndan ortiq oʻquv kurslari tashkil qilingan. Mashgʻulotlar oʻquvchi va oʻqituvchilarning asosiy darslardan boʻsh vaqtiga moʻljallab tashkil etiladi.

Aytish lozimki, ayni boradagi izlanish va tashabbuslar taʼlim sifatini oshirish barobarida moddiy-texnik bazani rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda. Xususan, keyingi paytlarda shu yoʻl bilan ishlab topilgan mablagʻ hisobidan muassasaning 11 ta sinf xonasiga zamonaviy televizorlar, 15 dona kompyuterlar toʻplami, bir dona elektron doska hamda printerlar xarid qilindi. Bu bilan cheklanib qolmasdan oʻqituvchilar mehnat sharoitini yanada yaxshilash, ularni moddiy ragʻbatlantirish, koʻngilli hordiq chiqarishlarini tashkil etish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilyapti. Yozgi taʼtil chogʻida 2021 – 2022 oʻquv yili yakuni boʻyicha eng faol, tashabbuskor va fidoyi ustozlardan 40 nafarining Samarqand , Buxoro singari tarixiy shaharlarga uyushtirilgan sayohati buning tasdigʻidir.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring