Chortoqda 240 oila yangi uyga koʻchib kirdi

15:41 27 May 2022 Jamiyat
621 0

Foto: Халқ сўзи

Namangan viloyatida aholining turar joyga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida shahar va tuman markazlari, hatto chekka qishloqlarda ham zamonaviy koʻp qavatli uylar qurilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Chortoq tumanining Doʻstlik mahallasida har biri 20 xonadondan iborat 12 ta namunaviy loyihadagi koʻp qavatli turar joy binosi qad rostladi. «Qishloq qurilish invest» masʼuliyati cheklangan jamiyati injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida qurilgan xonadonlar soni 240 ta boʻlib, ular ikki va uch xonadan iborat. Quruvchilar binolarni tiklash jarayonida tashqi infratuzilma inshootlari, bolalar maydonchalarini ham barpo etdilar.

Eʼtiborli jihati, arzon narxdagi bu turar joylar birinchi navbatda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami vakillariga taqdim etildi.

— Toʻrt farzandim bor, — deydi yolgʻiz ona Muhayyo Ismonova. — Oilamiz uchun alohida turar joy qilish men uchun goʻyoki hal qilib boʻlmaydigan bir muammo edi. Shukrki, endi ikki xonali shinam xonadonimiz bor. Uyning boshlangʻich toʻlovi davlat tomonidan hisob-kitob qilingani mushkulimni yanada oson qildi. Bizga shunday imkoniyatni yaratib bergan davlatimizga, yaxshi insonlarga rahmat!

Yangi xonadonlar taqdimoti bilan boshlangan tantanali marosim uy toʻylariga ulanib ketdi. Barcha qulayliklarga ega zamonaviy turar joyga koʻchib kirgan chortoqliklar uchun ushbu shodiyona kun bir umr yodda qoladigan boʻldi.

Q. NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер