“Chorsu” mehmonxonasi qariyb 17 milliard soʻmga sotildi
Lot investitsiyaviy majburiyat bilan 1 soʻm boshlangʻich narxda auksionga qoʻyildi
Yakunda esa 16,9 mlrd. soʻmga sotildi. Bu haqda E-ijro Auksion maʼlumotlaridan bilib olish mumkin.
Aktiv investitsiyaviy majburiyatga ega boʻlib, xaridor ikki yil ichida kamida 25 mln. dollar sarmoya kiritishi va 150 ta yangi ish oʻrni yaratishi kerak. Mehmonxona esa minimum uch yulduzli boʻlishi shart.
Aynchi chogʻda binoning yangi egasi asosiy faoliyat turi(mehmonxona xizmatlari)ni 10 yil davomida saqlab turishi lozim. Mehmonxona kompleksining bir qismida(umumiy maydonning 50 foizidan oshib ketmagan hududda) biznes-markaz xizmatlarini koʻrsatishni yoʻlga qoʻyishga ruxsat beriladi. Agar inshootni buzib tashlash rejalashtirilayotgan boʻlsa, u holda yangisining dizayni eskisiniki bilan bir xil boʻlishi zarur.
Maʼmuriy qarorgohi BAAda joylashgan Ittihad International Investment LLC investitsiya kompaniyasi 10 soatdan oshiq davom etgan kimoshdi savdosi gʻolibiga aylandi. U 16,9 mlrd. dollar taklif etdi. Asosiy raqibi Fajr Mustaqbal General Trading LLC esa biroz kamroq(16,8 mlrd. soʻm) berishini bildirgan edi.
Uzoq vaqt boʻsh yotgan “Chorsu” mehmonxonasi va shu nomdagi maydon 2017-yilda Demir Group tomonidan “nol” qiymatida sotib olingandi.
Bu yerda “Eski Shahar” turistik zonasi barpo etilishi moʻljallangan edi. Loyiha 33 mln. dollarga baholangan, 2019-yil yakuniga qadar mehmonxona ishga tushirilishi kerak edi. Biroq 2019-yil avgustida investor oʻz majburiyatini bajarmagani maʼlum boʻlgach, shartnoma bekor qilingandi. Oʻshanda mehmonxona takroran sotuvga qoʻyilgandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring