“Choyxona”da 240 nafar xotin-qiz kasb oʻrganmoqda
Izboskan tumanida xotin-qizlar uchun “Choyxona” barpo etildi. Biroq, bunda choyxoʻrlikka hojat yoʻq. Boisi, shu nom bilan ataluvchi axborot resurs maktabida 240 nafar opa-singillarimiz kasb oʻzlashtirmoqdalar. “Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining Andijon viloyati boʻlinmasi tomonidan amalga oshirilgan ushbu loyihada jami 408 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga oʻqitiladilar. Ular asosan “COVID-19"dan jabrlanganlar va krizis holatiga tushib qolgan yoshlardan iborat.
— Hech qanday kasbga ega boʻlmagan kishi uchun foydali ijtimoiy mehnat bilan band boʻlish juda qiyin, — deydi “Jonobod” MFYda istiqomat qiluvchi Dilafroʻz Abdullayeva. — Bu yerda tajribali mutaxassislardan olgan bilimimiz natijasida hatto oʻz biznes loyihamizni amalga oshirish imkonimiz bor.
Darhaqiqat, markaz tinglovchilariga 1 mln.dan 5 mln. soʻmgacha boʻlgan miqdorda kredit mablagʻi ajratiladi. Natijada tikuvchilik, qandolatchilik, kompyuter xizmati, sartaroshlik kabi oʻnlab xizmat turlarini tashkil etish imkoni yaratiladi.
Bu kabi markaz Boʻston tumanida ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring