Chirchiq davlat pedagogika universitetida “Karyera kuni” tashkil etildi
Ayni damda Chirchiq davlat pedagogika universitetida talaba-yoshlar uchun “Karyera kuni” axborot-tanishtiruv tadbiri oʻtkazilyapti. Mazkur tadbirda mulkchilikning turli shaklidagi tashkilot va muassasalar tomonidan mavjud ish oʻrinlari taklif etildi.
“Karyera kuni” axborot-tanishtiruv tadbiri davomida ish beruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan mavjud ish oʻrinlari taklif etildi. Oʻz navbatida ish beruvchi vazirlik, muassasa, tashkilot va korxonalarga universitet tomonidan talabalar toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etildi. Jumladan, joriy oʻquv yilida universitetni tamomlayotgan bitiruvchilar haqidagi maʼlumotlar ish beruvchilar eʼtiboriga havola qilindi.

Tadbir davomida yirik kompaniya vakillari tomonidan mahorat darslari oʻtkazildi.
“Karyera kuni” axborot-tanishtiruv tadbiri yakunlari boʻyicha ish beruvchilar tomonidan 3 mingdan ziyod talabalar bilan suhbatlar oʻtkazilib, ularning ishga joylashish va amaliyot oʻtash uchun yoʻllanmalar berilyapti.
Shuningdek, tadbir davomida innovatsion hamkorlik doirasida muammoli mavzular boʻyicha tadqiqotlar olib borish, oʻquv rejalariga amaliyotchi mutaxassislar takliflarini eʼtiborga olgan holda oʻzgartirishlar kiritish, talabalarning malakaviy amaliyoti va tajriba oshirishini tizimli ravishda tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.

Jumladan, amaliyotchi mutaxassislarni dars mashgʻulotlariga jalb qilish, bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini korxona va tashkilotlar taklifini hisobga olgan holda tayyorlash jarayonlari muhokama qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring