Chirchiq daryosining sathi koʻtarilishi oqibatida 5 kishi orolchada qolib ketdi
Boʻstonliq tumani hududidan oqib oʻtuvchi Chirchiq daryosi oʻrtasida qolib ketgan 5 nafar fuqaro qutqarildi. Bu haqda FVV xabar berdi.
Unga koʻra, 2021-yilning 15-avgust kuni soat 10:30da Toshkent viloyati Chirchiq shahar Favqulodda vaziyatlar boʻlimining navbatchilik qismiga Boʻstonliq tumani “Yangiovul” MFY hududidan oqib oʻtuvchi Chirchiq daryosi oʻrtasidagi orolchada 5 nafar fuqaro qolib ketganligi toʻgʻrisida xabar kelib tushgan. Maʼlum boʻlishicha, fuqarolar Chirchiq daryosi boʻyida dam olish maqsadida daryo oʻzanida joylashgan orolchaga oʻtib borishgan. Ammo suv sathining keskin koʻtarilganligi va oqim tezlashganligi tufayli orqaga qaytishning imkoni boʻlmagan.
Mazkur holat boʻyicha Chirchiq shahar Favqulodda vaziyatlar boʻlimi qutqaruv otryadi suvda qidiruv-qutqaruv guruhi qutqaruvchilari zudlik bilan belgilangan hududga yetib borishdi. Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida orolchada qolib ketgan 5 nafar fuqaro maxsus kichik hajmli kemada qirgʻoqqa olib oʻtilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring