Chinakam fidoyi inson edi
Taniqli rahbar, fidoyi ziyoli, sadoqatli doʻst Aʼzamxon Usmonovich Bahromovning bevaqt vafoti Samarqand viloyati jamoatchiligi uchun ogʻir yoʻqotish boʻldi. Chunki bu inson viloyatda ishlash chogʻida ezgu fazilatlari bilan odamlar koʻnglidan joy olgan edi. Gʻallaorolda ziyoli oilada tugʻilib oʻsgan, yaxshi tarbiya olgan A.Bahromov Toshkentda oʻqib, ilm yoʻlidan borib olimlik salohiyatiga erishdi. Soʻng Vazirlar Mahkamasida oddiy xodimlikdan boʻlim va kotibiyat mudiri, vazir oʻrinbosari darajasiga erishdi.
Davlat mulk qoʻmitasi va «Oʻzbekengilsanoat» davlat aksiyadorlik kompaniyasini boshqardi. Iqtisodiy sohadagi bilimdonligi, tajribasi va tashabbuskorligi bilan tanildi.
Aʼzamxon Usmonovich Samarqandni sevar edi. Shu bois Samarqand viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi boʻlib ishlash chogʻida koʻplab ezgu ishlarga bosh boʻldi. Qoʻshrabot tumanida qisqa muddat rahbarlik qilgan boʻlsa-da, xalqning qalbiga yoʻl topa oldi. 2017-yildan buyon Kattaqoʻrgʻon tumani hokimi sifatida shu zamin ahlining haqiqiy farzandi va yetakchisiga aylandi. Tuman qisqa muddatda iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishda respublikada yetakchi oʻrinlarga chiqdi. Kambagʻallikni tugatish va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashda ibratli tajriba yaratildi. Bu mehnat davlatimiz rahbari tomonidan eʼtirof etilib, Aʼzamxon Bahromov Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi arafasida “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Men Aʼzamxon aka bilan birga ishlash jarayonida rahbarlik va amaliy iqtisodiyotning juda koʻp sirlarini oʻrganganman. U kishi bilan doʻstona va yaqin munosabatda boʻlib ishladik. Viloyatdagi rahbar xodimlar va hokimlar oʻrtasida ham katta hurmatga sazovor edi.
A.Bahromov Yangi Oʻzbekiston qurilishi fidoyilaridan biri edi. Shu sababli u kishining xalq farovonligi, Vatan qudratini oshirish yoʻlidagi fidokorona mehnatlari va yaxshi nomi elimiz qalbida uzoq yashaydi.
Bahromov Aʼzamxon Usmonovichning vafoti munosabati bilan yurtimiz va viloyat jamoatchiligiga, marhumning oila aʼzolari va qarindoshlariga chuqur taʼziya izhor etaman.
Erkinjon Turdimov,
Samarqand viloyati hokimi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring