Chekni talab qil va sovgʻa yutib ol!

11:11 29 Iyun 2020 Iqtisodiyot
8953 0

Endi avtomobil sohibi boʻlish uchun oylab, yillab pul jamgʻarish shart emas, oddiy xarid cheki boʻlishi yetarli. Ishonish qiyin, ammo Chekni talab qil va sovgʻa yutib ol!” aksiyasi buni haqiqatga aylantiradi.

Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan oʻtkaziladigan mazkur aksiya doirasida faqat onlayn nazorat kassa mashinasi yoki virtual kassalar chop etuvchi cheklar asosida yutuqli oʻyin tashkil etiladi.

Buning uchun qandaydir qimmatbaho tovarni sotib olish yoki xizmatlardan foydalanish talab etilmaydi. Shunchaki ehtiyoj uchun zarur boʻlgan istalgan qiymatdagi xaridni naqd pul yoki plastik karta orqali amalga oshirib, buning evaziga xarid chekini talab qilish unutilmasa, bas. Demak, xarid qilingan tovarlar nomi, miqdori, narxidan tortib, kassa apparati raqamigacha va QR-kod aks etgan bunday chek moliyaviy “hujjat”gina emas, yutuqli oʻyin chiptasi hamdir.

Yutuqli oʻyinni oʻtkazish uchun davlat byudjetidan bir milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratilgan. Uning mukofot jamgʻarmasi qimmatbaho buyumlarni jamlagan. Bosh sovrin esa — avtomobil.

Yutuqli oʻyinda ishtirok etish uchun

Xarid chekini roʻyxatdan oʻtkazish talab etiladi. Bunda quyidagi ikki usulning istalgan birini tanlash kifoya:

Birinchi usul: Davlat soliq qoʻmitasining “Soliq” mobil ilovasidan foydalaniladi. Ilovada chekni roʻyxatga olish tugmasi bosiladi, soʻng chekning QR-kodi skaner qilinib, chek egasi telefon raqami va ismi-sharifi kiritiladi. “Joʻnatish” tugmasi jarayonga yakun yasaydi. Mazkur mobil ilovani esa Google Play dasturidan yuklab olish mumkin.

Ikkinchi usul: Xarid chekining fiskal belgisi 1077 qisqa raqamiga SMS tarzida yuboriladi.

Roʻyxatdan oʻtkazish yakunlangach...

Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan chek egasining uyali telefon raqami uning oʻyin qatnashchisi sifatida roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida tegishlicha xabar joʻnatiladi.

Kassa cheklari aynan olingan va roʻyxatdan oʻtkazilgan davr (chorak, oy, kun) uchun oʻynaladigan yutuqli oʻyinda qatnashish huquqini beradi. Eʼtiborlisi, har bitta chekda oʻyin yutuq fondida nazarda tutilgan yutuqlarni yutishning teng imkoniyati (teng ehtimolligi) mavjud. Qoidaga koʻra, bir ishtirokchi yutuqlardan faqat bittasining egasi boʻla oladi.

Hammasi shaffof boʻlishi kafolatli

Gʻoliblar oynai jahon orqali yutuqli oʻyinga bagʻishlab namoyish etiluvchi koʻrsatuvda roʻyxatdan oʻtkazilgan kassa cheklarini tanlash yoʻli bilan aniqlanadi. Ayni jarayon inson omili aralashuvini toʻliq istisno qiluvchi texnologiyalar va jihozlarni qoʻllagan holda amalga oshiriladi.

Yutuqli oʻyin tajriba sifatida faqat Toshkent shahrida oʻtkaziladi. Tajribaning ijobiy natijalari kelgusida yurtimiz boʻylab joriy etiladi.

Birgina huquq – katta yutuq

Unutmang, onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanayotgan tadbirkorlik subyektlari amalga oshirilgan har bir xarid uchun kassa chekini berishi majburiy. Agar chek berilmasa, uni talab qiling! Bu Sizning huquqingiz va endilikda yutugʻingizdir. Bir qarashda arzimasday tuyulgan bu yumush mamlakatimizda naqd pullarning bankdan tashqari noqonuniy aylanishining oldini olishga, davlat byudjetiga soliq tushumi oshishiga ham faol hissa qoʻshadi. Demak, shu kichik talabingiz orqali oʻzingiz, davlatimiz va 34 milliondan ziyod xalqimizga katta foyda keltirish imkoniga egasiz.

Sherzod TESHEBAYEV,
“Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazining
Onlayn nazorat-kassa mashinalari, virtual kassalar va fiskal modullarni joriy qilish boʻlimi mutaxassisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер