Chegarada otilgan oʻq Koreya yarim orolida eskalatsiyasiga sabab boʻladimi?
Shimoliy Koreya askarlari chegarani de-fakto kesib oʻtganidan soʻng, Janubiy Koreya harbiylari ikki davlat oʻrtasidagi qurolsizlantirilgan hudud (DMZ – Demilitarized Zone)da ogohlantiruvchi oʻq uzdi. Hodisa haqida “Yonhap” axborot agentligi Janubiy Koreya armiyasi polkovnigi Li Son Junga asoslanib xabar berdi.
Polkovnik Lining soʻzlariga koʻra, voqea 11-iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:30lar atrofida sodir boʻlgan. Shimollik askarlar harbiy demarkatsiya chizigʻini (sulh chizigʻi) kesib oʻtgach, janubliklar tomonidan ogohlantirilgan va shundan soʻng ular ortiga qaytib ketgan.
Qurolsizlantirilgan hudud nega qurolli?

Janubiy Koreya armiyasining tezkor javobi chegarada hushyorlikni saqlash muhimligini koʻrsatib qoʻydi. Dunyodagi eng mustahkam DMZlardan hisoblangan Koreya chegarasi yillar davomida koʻplab shunga oʻxshash hodisalarni boshdan kechirgan boʻlsa-da, bugungi holat harbiy shaylikning ahamiyatini oshirib yubordi. Diplomatik hamkorlikning eng yaxshi davrlari oʻtib, tushunmovchiliklar payti boshlanganga oʻxshamoqda. Janubiy Koreyaning harbiy tayyorgarligi bunday hodisalarning kattaroq mojarolarga aylanib ketishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Shimolliklarning esa harbiy faolligi yuqori fazada saqlanib turibdi.
DMZ 1953-yilda Koreya urushidagi faol harbiy harakatlarni tugatgan, ammo tinchlik shartnomasiga erishilmagan Koreya sulh bitimining bir qismi sifatida tashkil etilgan. Uzunligi 250 kilometr va eni 4 kilometr boʻlgan bufer zonasi yarim orolini kesib oʻtib, Shimoliy va Janubiy Koreya oʻrtasida amalda chegarani ifodalaydi. Yillar davomida esa DMZ harbiy provokatsiyalar va hodisalar uchun qaynoq nuqta boʻlib keldi. Hududdagi harbiylarning tish-tirnogʻigacha ogʻir qurollanganligi va keskinlik osongina avj olishini anglatadigandek, goʻyo. 1976-yildagi “Axe” qotilligi (Amerika Qoʻshma Shtatlari armiyasi ofitserlarining DMZda oʻldirilishi) va 2010-yilgi Yonpxyondo orolini oʻqqa tutilishi kabi voqealar bu yerda vaziyat bahor havosiday tez-tez oʻzgarib turishini koʻrsatadi.
Shimoliy Koreya askarlarining chegarani kesib oʻtishlari alohida eʼtiborga molik hodisa emas, albatta. 2015-yilda ular tomonidan DMZ hududiga oʻrnatilgan minalar Janubiy koreyalik askarlarga jarohat yetkazgandi. Vaholanki, bu hududda qurolli toʻqnashuvlar shartnomaga binoan toʻxtatilgan. Ushbu hodisalar koʻpincha provokatsiya boʻlib, qaysidir tomonning qizishib, voqeani jiddiylashtirib yuborishigacha davom etadi. Bu esa barqarorlikni saqlashni qiyinlashtiradi. Ikki tomon ham “Karnaychidan bir puf” kutib, janjal uchun bahona izlab oʻtirgandek tuyiladi. DMZ Shimoliy va Janubiy Koreya harbiylari uchun urushga bahona yaratish fabrikasi boʻlib, har bir tomon har qanday tahdidlarga javob berishga tayyor turadi. Xuddi qaysidir “uchinchi tomon” bir millatning ikkita davlat boʻlib yashashidan manfaatdordek tuyilaveradi.
Ikkala tomon ham tigʻ ustida “raqs tushayotgandek” koʻrinsa-da, aslida bu real urush paydo boʻlish uchun juda kamlik qiladi. Provokatsiyalarga qaramay, Shimoliy va Janubiy Koreya oʻrtasidagi diplomatik kanallar hozir ochiq. Har ikki tomon ham yillar davomida keskinlikni yumshatish va tinchlikni mustahkamlash maqsadida turli muzokaralar hamda sammitlar oʻtkazdi. Shunday boʻlsa-da, oʻzaro iliqlik sekin va doimiy insidentlar tufayli buzilaverdi. Xalqaro hamjamiyat esa muloqot va nizolarni tinch yoʻl bilan hal etishni ragʻbatlantirishda davom etmoqda. Kattaroq mojarolarga aylanib ketishi mumkin boʻlgan tushunmovchiliklarning oldini olish uchun ochiq muloqotni saqlash juda muhimdir. Ayniqsa, qaysidir tomon ogohlantiruvchi oʻq uzganda bunga tayyor turish zarur.
Seul Shimoliy Koreyani sulh chizigʻini hurmat qilishga chaqirdi

Shimoliy Koreyaning tinimsiz axlat toʻldirilgan sharlarni janubga uchirishi, askarlarining qurolsizlantirish hududiga kirib borishidan soʻng Janubiy Koreya harbiylari har qanday provokatsiyalarga javob berishga tayyor holda ekanligini amalda koʻrsatdi.
Oʻz navbatida, rasmiy Seul Shimoliy Koreyani sulh chizigʻini hurmat qilishga va keskinlikni kuchaytiruvchi harakatlardan tiyilishga chaqirdi. Mojarolar xavfini kamaytirish va mintaqada barqarorlikni taʼminlash maqsadida diplomatik saʼy-harakatlar davom etmoqda.
Shimoliy Koreyaning DMZ doirasidagi harakatlari koʻpincha Janubiy Koreyaning harbiy tayyorgarligi va qatʼiyatini sinab koʻrish vositasi sifatida qaraladi. Bunday provokatsiyalar koʻp maqsadlarga xizmat qilishi mumkin. Jumladan, ichki tashviqot va xalqaro pozitsiyani aniqlashtirib olish, Seulga oʻzining borligini eslatib qoʻyish ham bundan koʻzlangan maqsadlar boʻlishi mumkin. Shimoliy Koreyaning motivlarini tushunish bu voqealarni izohlash va tegishli javob berish uchun kalitdir.
Xalqaro hamjamiyat mintaqaviy beqarorlik potensialini hisobga olgan holda Koreya DMZ boʻylab sodir boʻlayotgan voqealarni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Ammo ushbu kuzatuvdan nariga oʻtmasligi ham mumkin. Chunki global liderlarning muammosi Koreya urushisiz ham yetarli: Ukraina — Rossiya, Isroil — Falastin mojarolari. Katta ehtimol bilan Koreya yarim orolidagi holatga faqatgina AQSH va Xitoy kabi manfaatdor davlatlar javob reaksiyasini berishi mumkin.
Eskalatsiya va mojaro ehtimoli qanday?
Nazariy jihatdan olib qarasak, ushbu insident urushga aylanmaydi. Ammo potensial mojarolar zanjirini inkor ham etmaydi. Agarda harbiy harakatlar nazoratdan chiqib ketsa, bu yangi urush uchun arzimas bahona boʻla oladi. Qolaversa, Shimoliy Koreyaning yillar davomida toʻplagan qurollarini real urush zonalarida ishlatib, sinab koʻrish Kim Chen Inning orzularidan biri boʻlishi mumkin.
“Qinsiz qilich qonsirar”, degan naql bor xalqimiz. Zero, Kim Chen In har qancha raketalarini koʻz-koʻz qilib, paradlar uyushtirmasin, ular haqiqiy urushda qoʻllanilganlikchalik katta obroʻ olib kelmaydi.
Xulosa shuki, chegarada otilgan ogohlantiruvchi oʻq Koreya yarim orolida mavjud boʻlgan tinchlikning moʻrtlashib borayotganini koʻrsatayotgandek. Mintaqada barqarorlikni saqlash uchun bosiqlik va doimiy diplomatik harakatlarni talab qilinadi. Muloqotga kirishish va keskinlikni pasaytirish boʻyicha oldinga siljish borasidagi saʼy-harakatlar Koreya yarim orolida tinch kelajak uchun juda muhimdir.
Sanjar SHOMURODOV.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring