Chegara hududida bepul tibbiy koʻrik tashkil etildi

10:06 26 Mart 2026 Jamiyat
194 0

Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, kasalliklarni erta aniqlash va sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish maqsadida Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida navbatdagi tibbiy tadbir oʻtkazildi.

Toshkent davlat tibbiyot universiteti Termiz filiali professor-oʻqituvchilari tomonidan Orol mahallasiga qarashli Xalqobod oilaviy shifokorlik punktida bepul tibbiy koʻrik tashkil etildi.

Koʻrik doirasida, ayniqsa, ayollar salomatligiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, bachadon boʻyni saratonini erta aniqlash maqsadida skrining tekshiruvlari oʻtkazildi. Mutaxassislar tomonidan xastaliklarning oldini olish, toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarziga rioya etish boʻyicha amaliy tavsiyalar berildi.

Tadbir davomida 200 nafardan ortiq fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, aniqlangan kasalliklar boʻyicha tegishli maslahat va davolanish yuzasidan yoʻllanmalar berildi.

— Shifokorlar bizni batafsil koʻrikdan oʻtkazdi, kerakli maslahatlar berdi, — deydi Mukarram Hakimova. — Ayniqsa, ayollar salomatligiga qaratilayotgan eʼtibor juda muhim. Bunday tadbirlar biz uchun juda foydali boʻldi.

Shuningdek, tadbir doirasida aholining tibbiy savodxonligini oshirish, kasalliklarning oldini olish va erta aniqlash masalalariga bagʻishlangan targʻibot ishlari ham olib borildi.

Bunday amaliy tadbirlar viloyat boʻylab davom ettirilmoqda.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер