Byudjet siyosatidagi muhim yangilanishlar qanday samara bermoqda? — Qarshi tumani misolida
Yurtimizda byudjet tizimida mahalliy hokimliklarning moliyaviy barqarorligini taʼminlash, ichki imkoniyatlarini yana-da kengaytirish, byudjet sohasidagi markaziy boʻgʻin vakolatlarini bosqichma-bosqich quyi boʻgʻinga oʻtkazish boʻyicha katta saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2017-yil 7-iyundagi “Mahalliy byudjetlarni shakllantirishda joylardagi davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Xususan, Qarshi tumanida ham farmonga muvofiq, mahalliy byudjet mablagʻlarini boshqarish sohasida berilgan vakolatlardan unumli foydalanilmoqda. Bunda albatta, mahalliy byudjet rejasidan ortiqcha mablagʻning tumanning oʻzida qoldirilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
-Ilgari mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha manbalarini boshqarish, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining ruxsati bilan amalga oshirilgan boʻlsa, endilikda bu vakolatlar mahalliy hokimliklar ixtiyoriga oʻtkazildi,- deydi Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyeva. - Natijada hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlarini barqaror moliyalashtirish va shu asosda aholining real daromadlari, hayot darajasi va sifatini oshirish imkoniyatlari yana-da kengaydi. Byudjet siyosatidagi bu muhim yangilanishlar samarasi oʻlaroq 2020-yilda 54 mlrd 498,9 million soʻm qilib belgilangan mahalliy byudjet rejasi 64 mlrd 262,5 million soʻmga yoki 117,9 foizga bajarildi. Natijada rejadan ortiqcha 9 mlrd 763,6 million soʻm mablagʻ oʻzimizda qoldi. Bu mablagʻning 30 foizi “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”da qayd etilgan fuqarolarni ijtimoiy ahvolini yaxshilash, kasbga oʻqitish, bandligini taʼminlash kabi maqsadlarga sarflanadi. Xususan, “temir daftar”ga 765 mln soʻm, “yoshlar daftari”ga 378 mln soʻm, “ayollar daftari”ga 295 mln soʻm ajratildi.
Tumanimizda 3807 nafar “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar boʻlib, ularning har birining yorqin hayot sari qadam tashlashlari uchun keng imkoniyatlar yaratyapmiz. Bizni qiynayotgan eng katta muammo bu - 2840 nafar ayolning ishsizligidir. Ushbu ishsiz ayollarning 410 nafari boʻsh ish oʻrinlariga joylashtirish, 389 nafari haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etish, 384 nafari kooperativ va shaxsiy tomorqalariga subsidiya ajratish, 1268 nafari tadbirkorlikka jalb etish, 246 nafari ishsizlik nafaqasi tayinlash va 143 nafari kasb-hunarga oʻqitish orqali bandligi taʼminlanadi.
Tumanda mahallabay tizimi orqali barcha muammolar oʻrganilib, joyida hal etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilanmoqda. Bunday oʻtkir masalalarni hal etishda ham mahalliy byudjet rejasidan ortiqcha mablagʻ tumanga qoldirilganining ahamiyati katta boʻlmoqda. Masalan “ bir mahalla – bir mahsulot» tamoyili asosida «Kahlak» MFYda qulupnay yetishtirish, “Bogʻobod” MFYda koʻchatchilik va parrandachilik, “Tallikuron” MFYda koʻkat yetishtirish, “Nuqrobod” va “Batosh” MFYlarda issiqxonalarda sabzavot yetishtirish drayver ekanligi aniqlandi. Bu mahallardagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan 476 nafar xotin-qizga dastur doirasida kredit ajratilmoqda.
Tuman markazidan 40 kilometr masofada joylashgan “Choʻliboʻston” MFY binosida ustoz-shogird anʼanasi asosida 30 mln soʻm kredit hisobiga 8 nafar xotin-qizga tikuv mashinalari olib berildi. Joriy yilda “LT textile International” xorijiy korxonasiga yangi texnologiyalar olib kelinib, ishga tushiriladi. Shu hisobdan 250 nafar mahalliy xotin-qiz bandligi taʼminlanadi.
Tumanda 3104 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”da qayt etilgan boʻlib, ularning 680 nafari kasb-hunarga oʻqitilmoqda,- deydi Qarshi tumani hokimligi bosh mutaxassisi Gʻayrat Ergashev. – Asosiy masala “Yoshlar daftari”da qayd etilgan yigit-qizlarni kasbli, hunarli, ishli va ertangi kunga ishonchi yuksak farzandlar safiga qoʻshishdan iboratdir. Bu borada oʻtkazilgan soʻrov natijasiga koʻra, 1398 nafar yigit-qiz ishlashga tayyor, 571 nafar yigit-qizning oʻz biznes-rejasi bor, ularni albatta, moliyaviy qoʻllab-quvvatlaymiz. 455 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar boʻlib, ularga koʻmaklashishda mahalliy byudjet imtiyozlaridan unumli foydalaniladi. Eng muhimi, 534 nafar yigit-qiz doimiy ish oʻrniga ega boʻldi. Shundan 126 nafari bandlik tomonidan ishga jalb etildi.
Yoshlar yetakchi kuch. Agar navqiron avlod vakillari doimiy eʼtiborda boʻlsa, imkoniyatlar yaratib berilsa, ular gʻayrat bilan mehnat qiladi, fidoyilik koʻrsatadi. Buni 218 nafar yoshning onlayn tarzda roʻyxatga kiritilib, shartnoma asosida 454,5 gektar yer ajratilgani misolida yaqqol kuzatish mumkin. Yerga egalik qilgan ana shu shijoatli yoshlar astoydil mehnat qilayotganini alohida eʼtirof etish joiz. Yana 389 nafar yigit-qiz onlayn roʻyxatga olingan boʻlib, ularga ham yer ajratib beriladi. 82 nafar oʻgʻil-qiz esa kasb-hunarga oʻqitilyapti. Ular hunarli boʻlgach, biznesini boshlashi uchun davlat tomonidan subsidiya ajratiladi.
Bir soʻz bilan aytganda tumanda mahalliy byudjetga tushgan qoʻshimcha daromadlardan mustaqil ravishda foydalanish natijasida nafaqat “Temir daftar”, “Ayollar daftari” yoki “Yoshlar daftari”ga kirgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash balki, koʻchalarni taʼmirlash va obodonlashtirish, tashqi yoritgichlarni oʻrnatish, ijtimoiy soha obyektlarini va kam taʼminlangan oilalar xonadonlarini taʼmirlashga yoʻnaltirilmoqda. Zero, mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar Qarshi tumani misolida oʻzining samaralarini bermoqda
Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring