Byudjet kodeksiga qanday oʻzgartishlar kiritilmoqda?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.
Dastlab fraksiya aʼzolari “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga volontyorlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdi.
Mazkur hujjatda “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunni 91-modda bilan toʻldirish, ushbu moddada Yoshlar ishlari agentligini volontyorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilash va uning ushbu yoʻnalishdagi vakolatlari nazarda tutilmoqda.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasida volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha vakolatli davlat organini belgilashga, bu orqali davlat organlari va boshqa tashkilotlarda volontyorlik faoliyatini amalga oshirish boʻyicha uslubiy va maslahat yordamini koʻrsatish, davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning volontyorlik faoliyati sohasidagi ishlarni muvofiqlashtirishga olib keladi.
Yigʻilishda “Davlat moliyaviy nazorati tizimi hamda begʻaraz yordam doirasida keltirilgan tibbiy asbob-uskunalardan foydalanish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham muhokamalar markazida boʻldi.
Qonun loyihasi bilan Byudjet kodeksining bir qator moddasiga oʻzgartishlar kiritilishi nazarda tutilmoqda. Xalq vakillari muhokamalar davomida qonun loyihasi yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi, uni yanada takomillashtirish boʻyicha asosli takliflar ilgari surildi. Savol-javob va baxs-munozaralardan soʻng, qonun loyihasini qoʻllab-quvvatlashdi.
Fraksiya aʼzolari shuningdek, “Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumani va Namangan shahri Davlatobod tumanining, shuningdek Namangan shahrining chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida”gi Qonunchilik palatasining qaror loyihasi koʻrib chiqishdi.
Yakunda kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring