Buyuk Britaniyada 16 yoshgacha boʻlgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanishi mumkin

16:29 15 Dekabr 2023 Dunyo
622 0

Illyustrativ foto

Buyuk Britaniya hukumati yoshlar oʻrtasida ruhiy salomatlik bilan bogʻliq muammolar koʻpayib borayotgan bir sharoitda 16 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni koʻrib chiqmoqda. Bu haqda “The Times” nashri xabar bermoqda.

“Bosh vazir Rishi Sunak bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga cheklovlar kiritish masalasini koʻrib chiqmoqda, chunki vazirlar yoshlar orasida ruhiy salomatlik muammolari koʻpayib borayotganidan xavotirda. 16 yoshgacha boʻlganlar uchun barcha ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash koʻrib chiqilayotgan variantlardan biri”, deyiladi nashr xabarida.

Manbaga koʻra, shu bilan birga, hukumat foydalanuvchining tugʻilgan sanasini majburiy tekshirishni va ota-ona nazoratini kuchaytirishni talab qiladigan texnologiyalarni joriy qilishni ham oʻrganmoqda.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish boʻyicha yangi meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish dastlabki bosqichda, endilikda vazirlar oldiga ijtimoiy tarmoqlar va ruhiy salomatlikning yomonlashuvi oʻrtasidagi bogʻliqlikni yaxshiroq oʻrganish vazifasi qoʻyilgan.

Maqolada aytilishicha, bunday taqiqning joriy etilishi Buyuk Britaniyani bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi boʻyicha eng qattiq pozitsiyalardan biriga ega boʻlgan davlatga aylantiradi.

“The Times”ning yozishicha, 8 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan har beshinchi odamda ruhiy kasallik boʻlishi mumkin, bu tendensiya ijtimoiy tarmoqlardan tez-tez foydalanadigan oʻsmirlar orasida keng tarqalgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер