Buvaydada barcha fermer xoʻjaliklari gʻalla hosilini yigʻishni boshladi

18:55 19 Iyun 2024 Jamiyat
307 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Ayni kunlarda Fargʻona viloyatida gʻalla mavsumi uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.

Buvayda tumanida joriy yil hosili uchun 220 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 6800 gektar yerda bugʻdoyning serhosil navlari parvarishlandi. Gʻallachilik tarmogʻida ilm-fan yutuqlari, innovatsiya gʻoyalari keng tatbiq etilib, serhosil, kasalliklarga chidamli va mahalliy iqlim sharoitiga mos yangi navlarni ekishga alohida eʼtibor qaratildi. Zamonaviy mezonlar asosida biooʻgʻitlardan foydalanish, tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish hamda ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirishga jiddiy yondashildi.

Buning samarasi sifatida Buvayda tumani gʻallakorlari viloyatda birinchi boʻlib gʻalla topshirish boʻyicha shartnoma rejani bajardi. Don omborlariga 16 ming 600 tonnadan ziyod gʻalla yetkazib berildi. Tumanda oʻrtacha hosildorlik 85-90 sentnerni tashkil etib, “Mahmudjonzoda zamini”, “Qoʻngʻirot zamin koʻrki”, “Oʻzbekiston”, “Saxovatli Bachqir zamini” kabi fermer xoʻjaliklarida har gektar yerdan olingan hosildorlik 90–100 sentnerga yetdi.

— Bugun dehqonchilikda yangilikka intilgan yutadi, intilmagan, — deydi Oʻzbekiston Qahramoni Patilaxon Ergasheva. — Ana shu nuqtayi nazardan, qishloq xoʻjaligida 50-yillik hayotiy tajribamiz boʻlsada, hamisha yangilikka intilamiz. Bu yil ham yangicha yondashuv tufayli “Patilaxon” fermer xoʻjaligining 35 gektar gʻalla maydonining har gektaridan 90 sentnerdan yuqori hosil olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер